To‘rt munosib nomzod. YEVROda kim g‘olib bo‘ladi? (2-qism)

To‘rt munosib nomzod. YEVROda kim g‘olib bo‘ladi? (2-qism)

La Furia Roja

Yarim finalchilardan biri Italiya haqida yozgandik. Endi navbat Ispaniyaga.

YEVRO-2020’da eng ko‘p gol urayotgan jamoa bu – Ispaniya! (12 ta gol)

YEVRO-2020’da to‘pni o‘zida eng ko‘p vaqt mobaynida egallab turgan jamoa – Ispaniya! (67,2 %)

YEVRO-2020’da uzatmalarning aniqligi bo‘yicha yetakchi jamoa – Ispaniya! (89,4 %)

Va muhimi turnirdagi eng tomoshabop o‘yin ko‘rsatayotgan jamoa (ko‘pchilikning fikriga ko‘ra) bu – Ispaniya!

Luis Enrikening “Real”dan birorta futbolchi olmagani uchun tanqid qilishdi. Ispaniyaning bu tarkibini XXI asrdagi eng zaif tarkib deya atashdi. Amalda esa hammasi vizual chiroyli ko‘rinib, natija jihatdan esa yuqori bo‘lib chiqmoqda.
 
Bir nuqta bor – nozik nuqta. Ispanlarning o‘ta yorqin o‘yini nuqsonlarni soyaga olib qo‘ymoqda, go‘yo. Masalan, Enrike turnirni ikki durang bilan boshlaganini ko‘pilik unutdi. Unutmaganlar buni kirish, qizib olish qismi deyishga urinmoqda. Mayli shunday bo‘lsa, unda Shveysariyaga qarshi o‘yinda “qizil”gacha “qizil furiya”ga nima bo‘ldi?

Froyler chetlatilgunga qadar ispanlar 67 foizli to‘p  egaligi ko‘rsatkichi bilan borishsada, bu ustunlikni avvalgi o‘yinlardagi kabi zarbalarga ko‘chira olmadilar. Bu vaqtgacha hatto raqib ko‘proq zarba yo‘llagandi. Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, Petkovichning ko‘rsatmasiga binoan bu bahsda Busketsga alohida tansoqchi qo‘yildi. Shakiri uning yonida jilmadi. Buskets bilan boshlanadigan hujumlar minimal darajaga yetdi. 77 daqiqada Serxio 55 ta uzatma bergan. Xorvatlarga qarshi uchrashuvning shuncha vaqtida 81 ta uzatmasi bor edi uning. Xuddi-ki, tizim markaziy ongdan uzib qo‘yildi. Bir kishi kam bo‘lib qolgach esa yuklamani qayta taqsimlashga majbur bo‘lgan raqib bo‘shashdi xolos.

Xullas, zaif nuqta bu markaz bo‘lib, Serxio uchun kislorodni bo‘g‘ish ispanlarni keskin sekinlatishga teng ekani ko‘rinib qoldi. Agar Enrike bu zaiflik to‘g‘ri  anglab markazda yordamga Rodrini  tushirsa, unda boshqacharoq futbol ko‘rish mumkin Italiyaga qarshi.

Yana kuchli jihatlarga qaytsak. Alba-Pedri-Olmo chap qanotichalik yaratuvchan chap qanotni hozircha men ilg‘amadim. Aslida Enrike asosiyda Saribiyani tashlamoqda chap vinger o‘rnida. Keyin ko‘p holda uning o‘rniga Dani Olmoni tushirib o‘yinni kuchaytira olmoqda. Bundan tashqari Alba o‘rnida ham ba’zida Gayya paydo bo‘ldi. Agar uchchalasi bir vaqtda boshlasa – Di Lorensoni qiynab qo‘yishi aniq. Morata ko‘p tanqid qilinsada, aniqki Morenodan ko‘ra egiluvchan, bu o‘yin uslubiga mos futbolchi ekani aniq.

O‘ylashimcha, Italiyaga qarshi o‘yinda markazni yutgan jamoa finalga chiqadi. Bu juftlikda finalga chiqqan jamoa esa bosh sovringa asosiy davogardir.

Yuqoridagilarning barchasi – menimcha, albatta!

Kanalni kuzatib boring, keyingi fikrlar Angliya haqida bo‘ladi.

Orif Tolipov.


Манба: https://t.me/tolipovuz
08:00, 05.07.2021
Фикрлар ёпилди