Joriy yilning eng muhim sport tadbirlaridan biri so‘zsiz 11 iyun - 19 iyul kunlari AQSH, Kanada va Meksika davlatlarida futbol bo‘yicha o‘tadigan jahon chempionati.
Millionlar o‘yinining muxlisu-mutaxassislarini shov-shuvlarga, his-hayajonlarga chorlayotgan jahon chempionati ostonasida Xalqaro futbol assosiasiyalari federasiyasi (FIFA) mundialning bosh sovrini - Jahon kubogini ommaga tanishtirish bo‘yicha “Trophy Tour” tadbirlarini butun dunyo bo‘ylab nishonlash marosimlarini boshlab yubordi.
FIFA taqdim etgan dasturga muvofiq, joriy yil 3 yanvardan Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda boshlangan jahon chempionati kubogi dunyodagi FIFAga a’zo davlatlarga tashrif buyuradi, yer yuzining 75 ta nuqtasida to‘xtash joyini amalga oshiradi va 150 kundan ortiq gastrol safari davomida kubok sehri, uning jilosini futbol ishqibozlariga taqdim etish asnosida sovrinini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish imkoniyatini taqdim etadi.
Jahon chempionatining noyob kubogi va uning doirasidagi tadbirlar O‘zbekistonda o‘tkaziladimi?
FIFA taqdim etgan yo‘l xaritasiga ko‘ra, Jahon chempionati kubogi taqdimot safari - “Trophy Tour” tadbirlarini Saudiya Arabistonidan boshlab, Qora dengiz bo‘ylaridagi davlatlar orqali janubiy Osiyo mamlakatlari, keyin Qozog‘iston va O‘zbekiston, undan keyin Yevropa davlatlaridan o‘tib, janubiy Amerika mamlakatlariga yo‘l oladi.
Yo‘l xaritasidan ko‘rinib turibdiki, futbol bo‘yicha jahon kubogi taqdimotiga bag‘ishlangan “Trophy Tour” tadbirlari mamlakatimizda bo‘lib o‘tadi.
“Trophy Tour” yurtimizda qachon o‘tkaziladi?
FIFA tomonidan belgilangan rejaga asosan Jahon kubogini ommaga tanishtirish “Trophy Tour” tadbirlari yurtimizda joriy yilning 28 yanvar kuni o‘tkazilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, dasturga muvofiq bugungacha Saudiya Arabistoni va unga tutash mamlakatlarda “Trophy Tour” tadbirlari tashkil etildi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA