Ispaniya terma jamoasi murabbiylar shtabi JCH-2026 start oldidan Lamin Yamal, Niko Uilyams va Mikel Merinoning holatini tekshirdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, Ispaniya Qirollik futbol federasiyasining tibbiy shtabi vakillari milliy jamoaning asosiy futbolchilari tiklanish jarayonini shaxsan baholash uchun Barselona, Bilbao va London shaharlariga tashrif buyurgan.
Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuente uchala futbolchi ham turnir boshidayoq jamoaga yordam bera olishiga ishonayotganini aytdi.
«Tibbiy hisobotga ko‘ra, ularning barchasi birinchi yoki ikkinchi o‘yinga tayyor bo‘ladi», — dedi ispaniyaliklar ustozi.
Lamin Yamal 22 aprel kuni «Selta»ga qarshi uchrashuvda olgan son mushagi jarohatidan tiklanmoqda. «Barselona» vingeri allaqachon maydondagi mashg‘ulotlarga qaytgan va 15 iyun kuni Kabo-Verdega qarshi o‘yinda ishtirok etishni maqsad qilgan.
Niko Uilyams esa 10 may kuni «Atletik» safidagi o‘yinda mushak jarohati olgan va hozir qaytish arafasida. «Arsenal» yarim himoyachisi Mikel Merino esa oyoq qismidagi operasiyadan keyin to‘liq tiklanib, yaqinda maydonga qaytdi.
Eslatib o‘tamiz, Ispaniya terma jamoasi JCH-2026ning asosiy favoritlaridan biri sifatida ko‘rilmoqda.