Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 256-umumta’lim maktabida “Atlas va adraslar festivali” bo‘lib o‘tdi.
Maktabning ingliz tili fani o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan “Festival of Atlas and adras” dasturidan 1-4 sinf o‘quvchilari ishtirokidagi turli xil chiqishlar, sahna ko‘rinishlari, kuy-qo‘shiqlar o‘rin oldi. O‘zbek milliy matosidan tikilgan kiyimlar namoyish qilinib, ularga ingliz tilida ta’rif berildi.
Shuningdek, tadbirda o‘quvchilar ishtirokida viktorina o‘yinlari ham o‘tkazildi. O‘zbek xalq ertaklari rasmlarini chizib, ertak mazmunini ingliz tilida ravon va batafsil so‘zlab bergan o‘quvchilar rag‘batlantirildi.
– Tadbirimizga ota-onalar, mahalla faollari, hamkor tashkilotlar vakillari hamda nigeriyalik futbolchilarni taklif qilgan edik, – deydi maktabning ingliz tili o‘qituvchisi Dilnoza Sa’dullayeva. – Ularning tashrifi o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Mehmonlar yurtimiz haqidagi taassurotlari va Nigeriyadagi ta’lim-tarbiya jarayonlari haqida o‘quvchi-yoshlarga so‘zlab berdi. Ular ayniqsa, qadimiy shaharlarimiz, yodgorliklarimiz va milliy taomlarimiz haqida to‘lqinlanib gapirdi. Adras va atlas matolarimiz va liboslar namoyishini ko‘rib hayratini yashira olishmadi.
1 ming 215 nafar o‘quvchi tahsil oluvchi ushbu dargohda muntazam ravishda ta’lim sifatini oshirish maqsadida turli xil loyihalar amalga oshirib kelinadi. Misol uchun, juma kunlari o‘tkazilib kelinayotgan “Ochiq eshiklar kuni” o‘quvchilarga olgan bilimlari va iqtidorlarini ota-onalari oldida namoyish qilish va yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
– Har oyning juma kuni “Fanlararo bog‘liqlikda ta’lim va tarbiyaning uyg‘unligiga erishish usullari” mavzusidagi “Ochiq eshiklar kuni” loyihasi doirasida barcha fanlardan ochiq darslarni tashkil qilish an’anasini yo‘lga qo‘yganmiz, – deydi maktab direktori Muhtaram Yakubova. – Darslarning noan’anaviy tarzda, yuqori saviyada ko‘tarinki ruhda tashkil qilinishiga alohida e’tibor qaratyapmiz. Tashabbuslarimiz kutilgandan-da yaxshi samara bermoqda. Oy davomida o‘qituvchilar va o‘quvchilar o‘z ustilarida tinimsiz ishlab muvaffaqiyat qozonmoqda. Quvonarlisi, ota-onalar ham bizni qo‘llab-quvvatlab, farzandlariga mavzularni takrorlash va mustahkamlashda ko‘mak bermoqda. Bu esa oila, mahalla, maktab hamkorligini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Ingliz tili fani o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan bu galgi tadbir ham o‘quvchilarning fanga bo‘lgan qiziqishi va ishtiyoqini yanada oshirdi.