Eron sport va yoshlar ishlari vaziri Ahmad Dunyamali futbol bo‘yicha 2026 yilgi jahon chempionatida milliy jamoaning ishtiroki yakunlarini sarhisob qildi va musobaqa mezbonlari hamda FIFA faoliyatini tanqid qildi.
«Afsuski, mezbon mamlakat o‘zining huquqiy majburiyatlarini to‘liq bajarmadi va musobaqa ishtirokchilari uchun teng hamda adolatli sharoitlarni ta’minlay olmadi. Bu ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘ldi va hozirda mezbon mamlakat hamda Xalqaro futbol federasiyasi (FIFA)ga nisbatan bir qator shikoyatlar ko‘rib chiqilmoqda.
Milliy terma jamoamiz futbolchilari haqiqatan ham ajoyib o‘yin ko‘rsatishdi. Ular duch kelgan barcha qiyinchiliklarga qaramay, bor kuchini ishga solishdi. Quvonarlisi, jamoatchilikning qo‘llab-quvvatlashi va ijobiy munosabati jamoaning ishtiroki yuqori baholanganini ko‘rsatdi.
Endigi asosiy maqsadimiz — terma jamoani Osiyo kubogiga eng yaxshi tarzda tayyorlash. Umid qilamizki, ushbu musobaqada jamoa jahon chempionatidagi mehnati uchun munosib natijaga erishadi», — dedi Dunyamali.
Eron terma jamoasi JCH-2026da guruh bosqichida ishtirokini yakunladi. Jamoa G guruhida 3 ochko bilan uchinchi o‘rinni egalladi. Eronliklar Yangi Zelandiya bilan 2:2, Belgiya bilan 0:0 va Misr bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Biroq to‘plar nisbatiga ko‘ra eng yaxshi uchinchi o‘rin sohiblari qatoriga kira olmagani uchun pley-off yo‘llanmasidan mahrum bo‘ldi.