Belgiya terma jamoasi himoyachisi Timoti Kastan JCH-2026ning 1/16 finalidan o‘rin olgan Senegalga qarshi uchrashuv (3:2) haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Belgiyaliklar afrikaliklarga 0:2 hisobida imkoniyatni boy bera turib, Romelu Lukaku (86-daqiqa) va Yuri Tilemansning (89-daqiqa) gollari evaziga muvozanatni tiklashga muvaffaq bo‘lishdi. G‘alaba to‘pini esa 120+5-daqiqada penaltini aniq amalga oshirgan Tilemans kiritdi.
«Bu aql bovar qilmas g‘alaba bo‘ldi. Hamma narsa besh daqiqa ichida butunlay o‘zgarib ketishini hech qachon xayolimga keltirmagandim. Biroq oldimizda hali qilinadigan ishlar juda ko‘p, chunki ochig‘ini aytganda, hech kim bunday vaziyatga tushib qolishni istamaydi.
Bahs yakunlanishiga besh daqiqa qolganda gollar urib, yana oldinga chiqib olishga hamisha ham ishonib bo‘lmaydi. Birinchi bo‘limda pressingni yomon tashkil qildik. Ularni qanotlarda samarali to‘xtatib qolishni umuman uddalay olmadik, juda ko‘p kross uzatmalarni amalga oshirdik va to‘pni yo‘qotdik. Mashg‘ulotlarga qaytganimizda bu xatolarni tahlil qilib chiqamiz. Kecha esa bayram qilish uchun arzigulik kun edi», — deya Kastanning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Mundo Deportivo nashri.