UEFA Janni Infantinoni FIFA prezidentligi lavozimidan chetlatmoqchi.
Taniqli insayder va jurnalist Romen Molinaning ma’lum qilishicha, UEFAning bir qator rahbarlari 2027 yilning mart oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda Janni Infantinoni FIFA prezidentligidan tushirib qoldirishni istamoqda.
Manbaning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, JCH-2026ning 1/16 finalidan o‘rin olgan Bosniya va Gersegovinaga qarshi o‘yindagi (2:0) chetlatilishidan so‘ng, AQSH terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogunning diskvalifikasiyasi kutilmaganda to‘xtatib qo‘yilgach, boshqa qit’a konfederasiyalari ham bu g‘oyani faol muhokama qila boshlashgan.
Bundan oldin Oq uy vakillari Infantino bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanib, vaziyatga va qarorga ta’sir o‘tkazishni so‘ragani haqida xabarlar tarqalgan edi.
«UEFAning bir nechta rahbarlari anchadan beri sahna ortida Infantinoga jiddiy raqobat tug‘dira oladigan nomzod ko‘rsatish ustida yashirin ish olib borishmoqda.
Infantino Donald Trampning ko‘nglini olish uchun ushbu qarorni qabul qilganidan so‘ng, nafaqat Yevropa, balki jahon futbolining boshqa yetakchilari ham unga muqobil izlash lozimligini muhokama qila boshlashdi. Chunki ularning fikricha, "bunday tartibsizlik ortiq davom etishi mumkin emas"», — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Infantino 2016 yildan buyon FIFAni boshqarib kelmoqda. Keyinchalik u 2019 va 2023 yillardagi saylovlarda ham ushbu lavozimga qayta saylanishga muvaffaq bo‘lgan edi.