«Bavariya» hamda Germaniya, AQSH va Janubiy Koreya milliy terma jamoalari sobiq murabbiyi Yurgen Klinsman 2026 yilgi jahon chempionatining istiqbolli terma jamoalarini tilga oldi.
— Ilgari hech qachon jahon chempionatida g‘olib chiqmagan, ammo katta muvaffaqiyatlarga erishgan Misr hamda uzoq tanaffusdan keyin yaxshi natijalar ko‘rsatayotgan Norvegiya haqida qanday fikrdasiz?
— Bular o‘z salohiyati tufayli keyingi 15-20 yil ichida dunyoning eng kuchli o‘nta jamoasi qatoriga kiradigan qudratli terma jamoalarga aylanadigan mamlakatlardir. Misr butun dunyoda doimo katta hurmatga ega bo‘lib kelgan. Ular Marokko [JCH-2022 da] qilganidek yarim finalgacha yetib bora olmay, buni jahon chempionatida hali ko‘rsatishgani yo‘q. Ammo Afrika Millatlar Kubogida ular doimo yarim finalda o‘ynashadi va Yevropa ligalarida yuqori saviyadagi futbolchilari bor, bu esa juda katta ahamiyatga ega.
Norvegiyaga kelsak, biz hozir bu mamlakat 1990 yillardagi Xorvatiyaga o‘xshash rol o‘ynayotganini ko‘ryapmiz. Ularda shunday energiya, iste’dod va mahorat borki, keyingi 10-15 yil ichida xuddi bugungi Xorvatiya kabi dunyoning yetakchi jamoasiga aylanishi mumkin. Men hozirgi Norvegiya terma jamoasida o‘sha o‘xshashlikni ko‘ryapman, chunki gap faqat Holand yoki Edegor haqida ketmayapti, u yerda boshqa narsalar ham bor. Ular juda katta salohiyatga ega va mamlakat juda maqsadli harakat qilmoqda, shuning uchun eng yaxshi sportchilarni yetishtirish uchun juda ijobiy mentalitet mavjud. Buni Norvegiya eng kuchlilar qatoriga kiradigan Olimpiya sport turlarida ham ko‘rish mumkin, — deya Klinsmanning so‘zlarini keltiradi FIFA rasmiy sayti.
Chorak finalda Norvegiya terma jamoasi Angliya milliy terma jamoasi bilan to‘qnash keladi.
Futbol bo‘yicha 2026 yilgi jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulga qadar AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tmoqda.