Superliga. “Paxtakor” Qo‘qonda ochko yo‘qotdi, “Dinamo” Toshkentda “Bunyodkor”dan ustun keldi
O‘zbekiston Superligasi 28-turidan o‘rin olgan “Qo‘qon-1912” — “Paxtakor” hamda “Bunyodkor” — “Dinamo” uchrashuvlari yakunlandi.
Farg‘onadagi “Markaziy” stadionida bo‘lib o‘tgan “Qo‘qon-1912” — “Paxtakor” bahsida g‘olib aniqlanmadi. Uchrashuv davomida har ikki jamoa bir necha bor xavfli hujumlar uyushtirgan bo‘lsa-da, darvozalar daxlsiz qoldi — 0:0.
Mazkur durangdan so‘ng “Paxtakor” ochkolarini 56 taga yetkazib, turnir jadvalida 3-o‘rinni egallab turibdi. “Qo‘qon-1912” esa 30 ochko bilan 10-pog‘onada bormoqda.
Toshkentdagi “Olimpiya” stadionida kechgan “Bunyodkor” — “Dinamo” uchrashuvida esa mehmonlar 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Hisob 43-daqiqada “Bunyodkor” hujumchisi Imeda Ashortiya tomonidan ochildi. Biroq oradan atigi bir daqiqa o‘tib, Jahongir Abdusalomov hisobni tenglashtirdi — 1:1.
Ikkinchi bo‘limda “Dinamo” ustunlikni o‘z qo‘liga oldi. 72-daqiqada Dmitriy Pletnev Samarqand klubini hisobda oldinga olib chiqdi, 88-daqiqada esa Firdavs Abdurahmonov uchinchi golni kiritib, yakuniy hisobni o‘rnatdi — 3:1.
Mazkur g‘alabadan so‘ng “Dinamo” ochkolarini 53 taga yetkazib, 4-o‘ringa ko‘tarildi. “Bunyodkor” esa 46 ochko bilan 5-pog‘onada qolmoqda.
O‘zbekiston Superligasi, 28-tur
“Qo‘qon-1912” — “Paxtakor” 0:0
“Bunyodkor” — “Dinamo” 1:3
Gollar: 1:0 — Imeda (43), 1:1 — Abdusalomov (44), 1:2 — Pletnev (72), 1:3 — Abdurahmonov (88)