Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan futzal bo‘yicha xalqaro "Tashkent Cup-2014" musobaqasida bugun ikkinchi tur o‘yinlari o‘tkaziladi. O‘zbekiston terma jamoasi Qozog‘iston bilan bahs olib boradi. Qo‘shnilarimizning braziliyalik bosh murabbiyi Kakau o‘yin oldidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
"O‘zbekiston o‘z uyida, o‘z muxlislari qarshisidan o‘ynamoqda. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi o‘yin derbi ekanini bilaman, xuddi Braziliya-Argentina kabi. Umuman olganda, kuchli raqiblarga qarshi o‘yinda tarkibni sinovdan o‘tkazib olish imkoniyatiga ega bo‘layotganimdan xursandman.
Biz ushbu musobaqada g‘alaba qozonishni istaymiz. Lekin qiyin bo‘ladi. Boisi, biz musobaqa oldidan birgalikda shug‘ullanmadik. Yigitlar mas’uliyatni his qilishmoqda. Ularning barchasi hozir tonusda, maydonda bir-birlarini yaxshi tushunishadi. Eng asosiysi, biz Qozog‘iston sharafini himoya qilamiz. Futzalchilar shijoat bilan o‘ynashmoqda. Hammasi yaxshi bo‘ladi. Asosiysi, biz hech kimdan qo‘rqmaymiz. Oldimizda Yevropa chempionatining saralash bahslari turibdi. Mazkur musobaqada o‘zini ko‘rsatgan o‘yinchilar zayavkaga kirishadi. Ularda boshqa imkoniyat bo‘lmaydi", - deydi Kakau.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston-Qozog‘iston o‘yini bugun 18:30da "O‘zbekiston" sport majmuasida boshlanadi. Muxlislarni o‘yinga taklif qilamiz.
Матнда хатолик топсангиз, ўша хатони белгилаб, бизга жўнатинг (Ctrl + Enter).