Garrincha (Braziliya)
“Futbol olamida juda ko‘p yangi Pelelarni uchratdim.
Ammo yangi Garrinchani hali topa olganim yo‘q” (Pele)
Futbolni bir muddat tark etgan Garrincha 1968 yilda fikrini o‘zgartiradi va jiddiy ravishda shug‘ulanishni boshlaydi. “Flemengo” bosh murabbiyi tavakkal qiladi va uni “Vasko de Gama”ga qarshi muhim uchrashuv qaydnomasiga kiritadi. Rio ko‘chalari qandaydir milliy bayramni eslatib yuborardi, “Buyuk Mane”ni juda yaxshi eslaydigan muxlislar o‘yinni ko‘rgani guyoki oqib kelishardi. “Marakana” atrofi tiqlinch ichida qolgan, polisiyalar ixotasi buzib tashlangan, Rio tarixi bunaqa vaziyatni yaqin o‘tmishda eslolmasdi. Stadion direktori to‘g‘ri qarorga keldi – barcha darvozalarni ochib qo‘yadi.
***
Uni “Xalq quvonchi” deb atashardi. Bu muhabbatning sababi futbolchining o‘ziga xos futboli, doimo o‘yinni go‘zallik bilan oshufta qilishga bo‘lgan harakati edi. U buni ataylab qilmasdi, kimnidir muhabbatini qozonish uchun harakat deb bo‘lmasdi buni. U tabiatan shunaqa edi, demakki, unga nisbatan uyg‘ongan muhabbat ham, olqish ham barchasi tabiiy edi.
Uning o‘yinlari haqida afsonalar yuradi. Braziliya chempionatidagi bir o‘yinda to‘p bilan fint qilayotgan Garrincha maydon tashqarisiga chiqib ketib qoladi. Fintni oxirigacha ko‘rish ilinjida hakam o‘yinni to‘xtatmagan ekan.
Kunlardan bir kun “Botafogo” bosh murabbiyi Zeze Moreyra futbolchini sinamoqchi bo‘ladi Mashg‘ulotlarning birida maydonning o‘rtasiga bitta stulni qo‘yadida, “tasavvur qilki, bu raqib himoyachisi, uni aldab o‘tib, darvozaga gol urishga urinib ko‘r” deydi. Garrincha stulning yoniga keladi-da, atrofida aylana boshaydi, o‘tib ketish o‘rniga, bir necha marotaba to‘pni stulning oyoqlari orasidan zerikkancha aylantirib, ana undan keyingina darvoza tomon yugurib ketadi. Buni ko‘rgan janob Zeze “Uning o‘yini uuman sxemalarga mos tushmaydi!” deb yuborgandi.
Garrincha vafot etganda yaqin do‘sti Nilton Santosning:
- U butun umrini yosh bola kabi o‘tkazdi. Beg‘uborlik bilan. Aslida ham u bolakay edi, faqatgina bitta o‘yinchoqni, futbol o‘yinini o‘ynaydigan bolakay! – degan so‘zlari haqiqat.
***
Aniqroq qilib aytganda, uning yagona o‘yinchog‘i futbol to‘pi va albatta chap qanot himoyachilari edi. Futbol jurnalistlari Garrinchaga qarshi maydonga tushadigan har qanday himoyachini, kim bo‘lishidan qat’iy nazar “Joan” deb atashardi. Buning o‘ziga xos tarixi Garrinchaning katta futbolga kirib kelishi voqeasi bilan bog‘liq.
Poytaxtning “Botafogo” klubida mashg‘ulot o‘tkazayotgan Jentil Kordozo Pau-Grande shaxarchasidan sinov uchun kelgan qahramonimizni o‘z oldiga chaqirdi. Stadionda kulgi ko‘tarildi. Biroz oqsoqlanib harakat qiladigan Garrincha umuman futbolchiga o‘xshamasdi. O‘ng qanot hujumida o‘ynashini so‘rab bilib, o‘sha paytdagi Braziliya terma jamoasining himoyachisi Nilton Santosga buyuradi:
-Bolani sinab ko‘rchi.
Garrincha uchun kim qarshilik qilishi ahamiyatga ega emasdi. To‘pni egallagach, bir-ikkita fint ishlatdi va Niltonnnig oyoqlari orasidan to‘pni olib o‘tdi. Himoyachi esa muvozanatni yo‘qotib, yiqilib tushadi. Garrincha esa unga e’tibor bermadi va ketma ket himoyachilarni aldab ketaverdi. Uchrashuvdan so‘ng klub massajchisi, “bilasanmi, sen kimni masxara qilding? Axir u Nilton Santosku! Agar xafa qilgan bo‘lsang, seni klubga olishmaydi”, deb hazillashganda, Garrincha oddiy javob qilgandi:
-Qayoqdan bilibman, axir Pau-Grandedagi Joanni har safar shunaqa qilaman, xafa bo‘lmaydi-ku.
“Botafogo”ning yetakchisi bo‘lgan Nilton Santos o‘sha kuniyoq bosh murabbiyning oldiga kirib, bolani tarkibga qo‘shishni iltimos qilib so‘radi. “Men uning birinchi Joani bo‘lganimdan baxtiyorman” degandi u.
- Nilton haqida boshqalarning gaplarini eshitib, avvaliga biroz qo‘rqdim. – gapirib bergandi Garrincha, - o‘yindagi vaziyatlar uchun meni hali urishsa kerak deb o‘yladim. Ammo u yonimga keldi-da, “qoyil, bolakay” deb yelkamdan quchib qo‘ydi. Shu kundan boshlab u mening futboldagi rahnamoim bo‘lib qoldi. Qani endi xayotim davomida Niltonga o‘xshagan insonlarni ko‘proq uchratganimda, balki ko‘p baxtsizliklar meni chetlab o‘tgan bo‘larmidi...
***
Garrincha butun umr ichkilik muteligidan qutula olmay yashadi, bir necha bor avtomobil avariyalariga uchradi. Eng dahshatlisi 1969 yilning 13 aprelida bo‘lgandi. Uning mashinasi yuk mashinasiga urilib, uch marotaba aylanib ketadi. Avariyada futbolchining qaynonasi Rozaliya Gomes vafot etadi. Mane boshqaruv paytida mast bo‘lmaganini aytadi, bu holat birinchi marotaba bo‘lgani va marhuma oilasi qattiq qarshilik qilmagani tufayli jazo yengillashadi. U shartli ravishda ikki yillik qamoqqa xukm qilinib, jarima to‘lab qutulib qoladi. Yana bir kuni esa u o‘z otasini mashinada urib yuborgandi, baxtli tasodif tufayli chol tirik qoldi. Garrinchaning yana bir ojiz tomoni kartada qimor o‘ynash edi.
Uning xayot tarzi o‘sha maydondagi harakatlari kabi tartibsiz edi. Ammo farqi hech kim bundan zavq olmasdi. Bir qizga ilashib sakkizta farzandi va xotinini tashlab ketdi, mastlikda keyingi rafiqasi Elzani jarohatlash darajasida kaltakladi. Umrining oxirida esa u o‘zini boshqara olmay qoldi. Ichiklikni tashlash borasidagi harakatlar besamar ketardi. Yurak kasalligi tufayli og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi.
***
O‘yin boshlandi. Nihoyat Torsida yillab kutgan daqiqa yetib keldi. To‘p o‘ng qanotga, Garrincha qanotiga yetkazib berildi.
***
Ha, bu qanot Garrinchaniki edi. 1957 yilda “Botafogo” bosh murabbiyigi aylangan sobiq jurnalist Joan Saldanyaning ilk qarori Garrincha o‘yiniga erkinlik berish bo‘lgandi:
- Darvozamiz oldidan raqib jarima maydonigacha bo‘lgan mana bu o‘ng qanot chizig‘ini ko‘ryapsizlarmi, - deydi u shogirdlariga, - mana shu qanotga burnilaringni suqmaysizlar, u Garrinchaniki. Qolganlar markazda yoki chap qanotda o‘ynasin. Manega yaqin kelishni o‘ylamanglar, nima qilsa qilaversin. Sizlarning ishingiz kutish va sizlarga to‘pni oshirganda zarba berish xolos.
***
Garrincha ustalik bilan to‘pni o‘ziga bo‘ysundirib oldi. O‘sha yillardagidek, to‘pni ikki oyoqlari orasiga oldi va gavda qismini himoyachi tomon engashtirgancha, o‘zining mashhur fintini amalga oshirishga harakat qila boshladi. Aytishlaricha, uning yagona finti bo‘lgan ekan. Butun dunyo himoyachilari bu fintni juda yaxshi o‘zlashtirishgan, millimetrigacha o‘rganib chiqilgan, ammo doim Garrincha atayin qilgandek, xuddi shu usulda hammani dog‘da qoldirib ketaverarkan.
***
Manoel Santos 1933 yilda, Rio De Jeneyro yaqinidagi Pau Grande shaharchasida. Amaro va Mariya Karolinalarning ko‘p bolali oilasida beshinchi farzand sifatida dunyoga keldi. Braziliyada tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma berilayotgan paytidayoq ikkinchi nomni yozib qo‘yish qoidasi bor. Ammo biroz kayfi oshib qolgan ma’mur buni unutib qoldiradi va guvohnomada faqat Manoel ismi qayd etiladi xolos. U tug‘ma nosog‘lom edi, ko‘rish qobiliyati sezilarli darajada past, umurtqa va orqa suyagining noto‘g‘ri joylashganligi, bunig ustiga oqsoqlanib yurardi. Ayrim manbalarda uning chap oyog‘i biroz kaltaroq ekanligi yoziladi, ba’zi manbalar buni inkor etib, oqsoqlik sababi futbolchining bosh barmog‘ining biroz qiyshiqligini e’tirof etadi. Jarrohlik yo‘li bilan bolani davolashni vrachlar rad etgadi, ularning aytishicha. Bolaning o‘z oyog‘i bilan yurishining o‘zi mu’jiza edi.
Mu’jiza davom etadi. Mane tengqurlari Svinge va Pilse bilan birgalikda shahar jamoasining hujumchilar uchligini tashkil qilishar,. biroz oqsoqlanib yuradigan Garrincha jamoadoshlari orasida o‘zining tezkor harakati va takrorlanmas finti bilan ajralib turardi.
Futbol o‘ynashdan tashqari, barcha braziliyalik oddiy aholi singari fabrikada ishladi. Aynan o‘sha yerga borib uning laqabi yo‘qligi bilinib qoldi. Gap shundaki, Manoel Santos ismi ruslardagi “Ivan”dek gap, mamlakatlarda minglab topilardi, jumladan, u ishlaydigan fabrikada ham. Boshqalardan ajralib turish uchun u o‘ziga yangi – italyancha Fransisko ismini tanlaydi. Ammo u futbol olamida Garrincha laqabi bilan mashhur bo‘ldi. Bu laqabning dunyoga kelishi opasi Tereza bilan bog‘liq. Qahramonimiz yoshligida mahalliy tilda “garrincha” deb ataladigan qushlarni ovlashni yaxshi ko‘rardi. “Sen shunaqa ko‘p qush ovlayapsanki, yaqinda o‘zing ham “garrincha”ga aylanib qolasan” deb qo‘rqitgandi.
***
Garrincha nomini u butun futbol olamiga mashhur qildi, durdonaga aylantirdi.
Jahon chempionati navbatdagi o‘yini oldidan sobiq ittifoq terma jamoasi yechinish xonasini tasavvur qiling. Jamoa Braziliya terma jamoasiga qarshi kechadigan o‘yinga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Murabbiy futbolchilarga taktik sxemalar, qaysi futbolchilarga qarshi qanday o‘ynash kerakligini tinmay surishtira boshlaydi. Suhbat tugagach, hamma jim bo‘lib qoladi va himoyachilardan biri savolni o‘rtaga tashlaydi:
- O‘rtoq murabbiy, Garrincha o‘ynaydimi?
1958 yilgi jahon chempionati qahramonlari haqida gap ketganda avvalo, Peleni tilga olishadi. Aslida esa o‘sha jamoada Garrinchaning ahamiyati juda katta sanalardi. Unga qarshi hech qanday sxemalar ztmas va buni hamma tan olgandi.
O‘sha o‘yin qatnashchisi Viktor Sarev yozadi:
“Jahon chempionatida Pele va Garrincha yorqin porlashgandi. Ularga noyob iqtidor yuqoridan berilgandi. Guyoki, xudoning o‘zi odamlarga to‘p bilan nimalar qilish mumkinligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lgan va Garrinchani tanlaganga o‘xshardi. To‘pni olib qo‘yishni qo‘ying, hattoki, uni shunchaki yiqtishning uddasidan chiqish ham imkonsiz edi. Sehrlangandek, uning to‘p bilan nimalar qilayotganini kuztar, vaziyatni qo‘lga olish uchun nima qilish kerakligi haqida qaror bermasimizdan u bizdan bir necha metr o‘tib ketgan bo‘lardi. Ikkinchi daqiqadayoq Garrincha to‘pni qablu qilib oldi va Borya Kuznesovni ortda qoldirdi, zarbasi shunchalik kuchli chiqdiki, to‘singa tekkan to‘p maydon markazigacha qaytib bordi. Yashin to‘pga qo‘lini qo‘yishga ulgurmadi, aks holda qo‘llari ustunga mixlanib qolardi, ishoning. O‘shandayoq biz Garrinchaning naqadar kuchli futbolchi ekanini va biz uch daqiqa oldin tasavvur qilganimizdan bir necha barobar xavfli ekanini bilib qolgandik”
***
Butun stadion jim bo‘lib qoldi. 150 ming tomoshabin sig‘dirgan tribunada pashshaninguchgani eshitilardi. Qandaydir sekund o‘tdi va Garrincha himoyachini o‘z orqasida qoldirib, oldinga tashlandi. Ushbu o‘yinni jonli kuzatgan, keyinchalik chop etilgan “Pele, Garrincha, Futbol” kitobi muallifi I. Fusunenko xotirlaydi:
- O‘sha fintdan so‘ng stadion larzaga keldi. Nega bu ulkan gumburlashdan stadion buzilib, yer bilan bitta bo‘lmaganini hamon tushuna olmayman!
***
Garrincha men negadir o‘sha mashhur xind filmidagi, Raj Kapur yaratgan qahramonga o‘xshataveraman - “Mening ismim masxaroboz”. Futbol olamida uni ham sirkchiga qiyoslashardi. Xuddi odamlar ko‘zini quvnatish uchungina yaralgandek, maydonda mo‘’jizalar yaratar, Braziliyada ilohiylashtirib yuborilgan to‘pni hammadan ham ko‘proq bo‘ysundira olgan Garrincha o‘zini idora qilishga kuch topa olmasdi. O‘sha maydondagi himoyachilardan qutlganchalik, xayotdagi illatlardan forig‘ bo‘la olmasdi.
Lekin maydonda beg‘ubor go‘dak edi. U hali ham Pau-Grandeda to‘p surayotgandek xis qilardi o‘zini. Ayniqsa Kosta Rika terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvidagi voqea ko‘p bor eslanadi. Uchrashuv oxirlariga kelib, hisob 1:1 edi. O‘zining navbatdagi reydlaridan so‘ng Garrincha darvozabon bilan yakkama yakka chiqadi. Lekin to‘pni darvozaga tepmaydi. Orqaga qaytib, yana o‘yinchilarni aldashga kirishb ketadi va yana darvozabon qarshisiga chiqadi. Yana tepmaydi. Hamma hayron. Murabbiy asabiylashgan. Nihoyat uchinchi martasida u darvozabon oyoqlari orasidan to‘pi darvozaga kiritadi. Uchrashuvdan so‘ng berilgan murabbiyning tabiiy savoliga:
-Nima qilay, darvozabon oyoqlari orasini ochmadi-da, deb javob beradi.
Uni qolipga solib bo‘lmasdi. Pele kabi har sohada mukammallikka intilmasdi. Uning o‘z futboli bor edi. U faqat shu futbolni o‘ynardi. Zarba berish kerak bo‘lsa, bermasdi, yugurish kerak joyda to‘xtab himoyachini kutardi. Lekin maydonda mo‘’jiza yaratardi. Aynan uning betakror o‘yini muxlislarni o‘ziga jalb qilardi.
Taniqli futbol mutaxassislaridan biri, uning fojeasi betakrorligidadir, degandi. Lotin Amerikasi futbolchilari u paytlarda Yevropaga hozirgidek oqib kelmasdi. “Santos”, “Botafogo” kabi grandlar Yevropa bo‘ylab turnelar uyushtirishardi. Kelishuv shunday bo‘lardiki, agar maydonda Garrincha harakat qilmasa, tashkilotchilar klubga bir necha barobar kam pul to‘lashardi. Natijada Garrincha ketma-ket maydonga tushishga majbur bo‘lardi. Hatto og‘ir jarohat olib, vrachlar tomonidan davolanish tavsiya etilgan paytlarda ham futbol o‘ynashga majbur bo‘lardi. Klub unga shart qo‘ygandi: “Yo o‘ynaysan, yoki klubni tark etasan”. Yulduz o‘zini shu darajaga ko‘targan klubni tark etishni xohlamasdi. Shuning uchun u futboldagi faoliyatini erta tugatishga majbur bo‘ldi. Yurak xastaligini orttirib oldi.
***
So‘nggi bor yurak xastaligi tufayli kasalxonada yotib chiqqach, ikki kun turli barlarda kun kechirdi. 1983 yilning 18 yanvarida uyiga qaytdi va yiqildi. Xotini doktor chaqirganda sobiq futbolchi “bexush” holatda edi. Oradan ikki kun o‘tib, u vafot etdi. O‘limining sababi sifatida esa xaddan ziyod ichkilikka ruju qo‘yish natijasida paydo bo‘lgan jigar serrozi va sabab tizimidagi nosog‘lomlik deb topildi.
Garrinchani so‘nggi yo‘lga kuzatish marosimi “Marakana” stadionida bo‘lib o‘tdi. Tobut Braziliya va “Botafogo” jamoasi bayrog‘i bilan o‘ralgandi. Futbolchining so‘nggi yo‘li “Marakana”dan Pau Grandedagi Raiz De Serra qabristoni bo‘ldi. Tobutdagi Buyuk Mane orqasidan 300 mingga yaqin go‘zal futbol oshuftalari yurib borardilar. Ularning xayollaridan “Garrinchaning futboli” endi tuproqqa ko‘milishi haqidagi xavotirlar kechgan bo‘lsa ne ajab.
Braziliya terma jamoasining sobiq murabbiyi Aymore Moreyra: “Garrincha kabi futbolchilar yuz yilda dunyoga bir marta keladi, demak hozircha, u futboldagi oxirgi va yagona dahodir” deb ko‘ziga yosh oldi. .
“Yolg‘iz va unutilgan inson vafot etdi” – degandi o‘sha ta’ziya marosimi radioyo‘qlamasini olib borayotgan jurnalist – “eng qayg‘ulisi, u biz uchun qanchalik sevimli ekanini bila olmay ketdi. Afsuski, biz buni unga tushuntirishning uddasidan chiqa olmadik”
***
Garrincha o‘sha o‘yindan keyin yosh bolalarcha yig‘lagandi:
- Men bugun juda baxtliman, - degandi u – hato o‘sha 1958 yilda ilk bor chempion bo‘lganimizda ham, Chilidagi ikkinchi g‘alabamizda ham bu darajada quvonmagandim. Men shundan xursandmanki, mening futbolim hali ham tirik ekanini ularga isbotlay oldim.
***
Maydonda barchaga quvonch ulashgan va “halq quvonchi” deb atalgan Garrinchani so‘nggi yo‘lga butun mamlakat kuzatganlar orasida Pele yo‘q edi. Qirol keyinchalik, bu holatni ta’ziya maromimlaridan qo‘rqishligi bilan izohladi. .
Pelening yuqoridagi e’tirofiga balki shu sabab bo‘lgandir. Balki shuning uchun ham u hali hamon Garrinchani qidirar. Do‘stining so‘nggi yo‘lga kuzata olmagan futbol qirolining ko‘ngli balki o‘shanda taskin topar.
Futbol davom etmoqda. Maradona har bir argentinalik vunderkindni o‘ziga o‘xshatadi, portugaliyadan har safar yangi yulduz chiqqanda “yangi Eysabio” deyishadi. Agar hujumchi gol urishni qoyillatsa, Gerd Myullerni eslashadi. Lekin Garrinchani eslatadigan futbolchi chiqmayapti. Balki shuning uchun u ko‘pchilik tomonidan unutilgandir. Agar yangi Garrincha chiqsa bemalol bayram qilavering, bilingki, yana futbolga go‘zallik va beg‘uborlik qaytgan bo‘ladi . Biz buni chin dildan kutib qolamiz.
Qahramon ASLANOV