«Los-Anjeles Gelaksi» hujumchisi Zlatan Ibrohimovich Angliya termasining sobiq futbolchisi Devid Bekxemdan garovda yutqazganini tan oldi.
«Devid, biz garov boylagandik. Men yutqazdim. Endi Angliya termasining «Uembli»dagi o‘yiniga inglizlar libosida kelib, «fish-end-chips» yeyman. Faqat mag‘lubiyatdan keyin biroz nafas rostlab olishimga va tinchlanishimga vaqt ber. Hammasi joyida. O‘yinni sabrsizlik bilan kutaman», - degan Ibrohimovichdan iqtibos keltirmoqda BBC.
Ibrohimovich va Bekxem 7 iyul kuni bo‘lib o‘tgan JCHning chorak final doirasidagi Angliya – Shvesiya bahsi oldidan garov o‘ynashgandi. Bekxemning taklifi bilan o‘ynalgan garov shartiga ko‘ra, Shvesiya terma jamoasi g‘alaba qozongan taqdirda u hamkasbiga Los-Anjelesdagi dala-hovlisi uchun «Ikea» do‘konidan mebel sotib olib berishi kerak bo‘lardi. Shvesiya o‘yinni boy bersa, Ibrohimovich Angliyaning «Uembli»dagi o‘yiniga shu terma jamoa libosida kelishi va bir porsiya «fish-end-chips» yeyishi kerak edi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, “Fish and chips” inglizlarning an’anaviy taomlaridan biri bo‘lib, qaylaga botirib qovurilgan baliq go‘shti va issiq kartoshka chipsini o‘z ichiga oladi.