Kecha bo‘lib o‘tgan Janubiy Koreya - O‘zbekiston o‘rtoqlik uchrashuvidan so‘ng koreyaliklar bosh murabbiyi intervyu berdi. Xabaringiz bor, kechagi bahsda 0:4 hisobida yutqazib qo‘ydik. Bugun esa OFK rasmiy sayti koreyaliklar ustozi Paulu Bentuning o‘yindan keyingi fikrlarini chop etdi. Aytish mumkinki, portugaliyalik murabbiy ish boshlaganidan beri Janubiy Koreya uning qo‘l ostida 6ta uchrashuv o‘tkazib, birortasida mag‘lub bo‘lmadi, deb keltirmoqda championat.asia sayti.
Murabbiy o‘yin haqida shunday dedi: "Biz butun uchrashuvni nazorat qildik. Birinchi taymdan so‘ng 2:0 hisobida g‘alaba qozonayotgandik, tanaffus paytida yana hujum qilish kerakligini aytdim. Bu esa chiroyli natijaga olib keldi. O‘ylaymanki, biz to‘g‘ri yo‘ldamiz. Men barcha futbolchilar terma jamoaning maqsadi qayerga borish ekanini tushunib yetishlarini xohlayman. Biz o‘z falsafamizdan og‘ishmay faqat maqsad sari harakat qilishda davom etamiz".
***
O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper Janubiy Koreyaga (0:4) qarshi o‘yindan so‘ng, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«O‘yin natijasidan qoniqmadim, ammo futbolchilarimda taktika borasida o‘sish borligini ko‘rdim. O‘yin natijasining salbiy bo‘lishiga futbolchilarning jismoniy holati maromida emasligi sabab bo‘ldi. O‘yin oxirida biz ancha charchab qoldik. Ammo taktika borasida ancha oldinga siljidik», - dedi Kuper.
Qayd qilish joizki, O‘zbekiston terma jamoasi 2ta golni o‘yin boshida (9 va 24-daqiqa) va yana 2ta golni o‘yin oxirida (70 va 81-daqiqa) o‘tkazib yuborgan edi, deb yozmoqda tribuna.uz sayti.