Shu yilning 15-19 may kunlari Angliyaning Manchester shahrida taekvondo bo‘yicha navbatdagi jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.
Ushbu musobaqa kelgusi yil Yaponiyaning Tokio shahrida o‘tkaziladigan navbatdagi yozgi Olimpiya o‘yinlariga eng ko‘p reyting ochkolarini taqdim etuvchi turnir sanaladi. Shu bois unda jahonning yuzdan ortiq mamlakatidan eng kuchli taekvondo ustalari ishtirok etishi kutilmoqda.
Bugun terma jamoamiz a’zolari Angliyaga jo‘nab ketdi. Mamlakatimiz delegasiyasi Toshkent-Istambul-Manchester yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qiladi.
Jahon chempionatida terma jamoamiz sharafini quyidagi sportchilar himoya qiladi:
Erkaklar:
-54 kg: Valentin Xegay
-58 kg: Suhrob Bobobekov
-74 kg: Nikita Rafalovich
-80 kg: Shuhrat Salayev
-87 kg: Maksim Rafalovich
+87 kg: Dmitriy Shokin
Ayollar:
-49 kg: Madinabonu Mannopova
-53 kg: Charos Qayumova
-57 kg: Zariya Qosimova
-62 kg: Feruza Sodiqova
-67 kg: Nigora Tursunqulova
+73 kg: Svetlana Osipova
Bir kun avval terma jamoamiz a’zolarini O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov qabul qilgan hamda jahon chempionatida g‘olib chiqqan sportchilar 30 000 AQSH dollarida mukofot bilan taqdirlanishini bildirgandi.
Eslatib o‘tamiz, ayni paytda o‘zbekistonlik ikki sportchi, ya’ni Denis Istomin (tennis) hamda Olga Zabelinskaya (velosport) Tokio-2020 olimpiadasiga yo‘llanmani naqd qilgan.