26 fevraldan 1 martga qadar Germaniyaning Berlin shahrida velosportning trek yo‘nalishida jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Ma’lum qilganimizdek, ushbu dunyo birinchiligida hamyurtimiz Olga Zabelinskaya ikki yo‘nalishda (omnium va ochkolar bo‘yicha guruh poygasi) ishtirok etadi.

Ushbu jahon chempionati trek yo‘nalishida Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi yakuniy start ekanligini inobatga olsak, unga bo‘lgan e’tibor yana bir karra ortishi tabiiy. Zabelinskaya musobaqada dastlab Olimpiada dasturiga kiritilgan omnium yo‘nalishida startga chiqadi. Ushbu dastur 28 fevral sanasiga belgilangan.

Lisenziya uchun qanday natija kerak?

Zabelinskaya ayni paytda jahon reytingining 24-pog‘onada turibdi. Uning jahon chempionatida kuchli beshlikka kirishi Tokio-2020 Olimpiadasining trek yo‘nalishida ham liseniya qo‘lga kiritishini kafolatlaydi. Qolgan pog‘onalar esa boshqa raqobatchilarning natijasiga bog‘liq bo‘ladi.

Shuningdek, sportchimiz 1 mart kuni ochkolar bo‘yicha guruh poygasi yo‘nalishida ham ishtirok etadi. Ushbu dastur Olimpiada yo‘nalishiga kiritilmagani bois poygachilar unda JCH medallari uchun kurash olib borishadi.