Futbol mana bir asrdan beri o‘z urf-odatlariga sodiq qolmoqda. Futbol murabbiylari ham sobiq futbolchilar bo‘lib, ular bu o‘yinning nozik sir-asrorlaridan xabardor insonlar sanaladi. Shunga qaramay, shunday murabbiylar borki, futbolga “ko‘chadan” kirib kelganiga qaramay katta yutuqlarni qo‘lga kiritgan. Bugun ana shunday kam sonli, biroq kuchli 5 nafar murabbiyni yodga olamiz.
Avram Grant
Ushbu murabbiy bosib o‘tgan yo‘lni alohida e’tirof etish joiz. 1955-yilda Isroilda tavvalud topgan qahramonimiz murabbiylik faoliyatida o‘zidan iz qoldirishga muvaffaq bo‘ldi. Ayniqsa, u boshqaruvidagi “Chelsi” Chempionlar ligasi finaliga qadar yetib borgani, ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa, ajab emas.
Ayni damda, Avram 65 yoshda, biroq uning murabbiylik faoliyati 47 yildan beri davom etmoqda. Qahramonimiz Petax-Tikvaning “Xapoyel” klubining yoshlar jamoasini qabul qilib olganida, 18 yoshda edi. Murabbiy naqd 14 yil davomida o‘z lavozimida harakat qildi va klub uni jamoaning asosiy murabbiyiga aylantirdi. Avram Grant kutilmaganda jamoani ikki bor Isroil kubogida zafar quchishini ta’minladi va “Makkabi”dan taklif oldi. Keyin Isroil terma jamoasida ishladi.
2007-yilda,yuqorida yodga olganimizdek, u Angliyaning “Chelsi” jamoasi bilan shartnoma imzoladi. APL kumush medallarini qo‘lga kiritgan mutaxassis keyinchalik “Portsmunt”, “Vest Hem” va “Partizan” singari jamoalarda faoliyat olib bordi va muxlislar nazaridan chetda qoldi. Bugungi kunda isroillik mutaxassis Hindistonning “Nort-Ist-YUnayted” klubi bosh murabbiyi sanaladi.
Quvonarlisi shundaki, Grant birorta futbol akademiyasida tahsil olmay turib ham nomdor murabbiy bo‘lib yetishishga muvaffaq bo‘ldi. To‘g‘ri, u bizning radarlarimizdan ancha chetda qolmoqda, biroq Grant katta futbolda hali o‘z so‘zini aytganicha yo‘q.
Andre Villash-Boash
Havaskorlar bilan maydonda to‘p surib yurgan Andrega shaxsan Bobi Robsonning o‘zi murabbiylar to‘garagiga yozilishni maslahat berganida, Boash o‘spirin bola edi. Darhaqiqat, portugaliyalik murabbiy o‘zining “C” kategoriyasini 17 yoshida olgan bo‘lsa, 19 yoshida “B” va 22 yoshda “A” lisenziyasiga ega chiqdi. O‘zining 22 yoshida Britaniya tassarufidagi Virjiniya orollari jamoasida faoliyatini boshlaydi. 2003-yilga kelib, Joze Mourinyo Bobbi Robsonning maslhatiga ko‘ra, yosh Andreni “Portu”ga chorlaydi va o‘z shtabidan joy beradi. 2009-yilga qadar Joze bilan birga ishlagan murabbiy “Akademika” klubida murabbiylikdagi debyutini o‘tkazadi. Ko‘p o‘ymay uni “Portu” bosh murabbiyiga aylantirishadi. Tan olish lozim, Boash Portugaliyaning bayroqdor klubida shunchaki fantastik mavsumni o‘tkazadi. Bir mavsumda 4 ta kubok va qarabsizki top-klublardan takliflar yog‘ilib ketadi. “Chelsi”, “Tottenhem”, “Zenit”, “Shanxay SIPG”da faoliyat olib borgan murabbiy endigina 42 yoshga to‘ldi. Soddaroq qilib aytganda, Buffon bilan tengdosh. Bugungi kunda “Marsel”ni omadli boshqarib kelayotgan mutaxassis murabbiylik faoliyati davomida tajribasizlik evaziga yo‘l qo‘ygan xatolarini tobora kamaytirib, mahoratini sayqallab kelmoqda.
Bil Strut
Bu murabbiy haqida ko‘pchilik eshitmagan bo‘lsa, ajab emas. Darhaqiqat, qahramonimiz deyarli bir asr avval murabbiylikka qo‘l urgan va sovrinlar yutish borasida o‘z davrining eng oldi mutaxasissi sifatida tarixdan joy olganlardan biri sanaladi.
Aslida tosh konlarida ishchi bo‘lib faoliyat olib borgan Bil futbolni sevar, Shotlandiya chempionatidagi birorta o‘yinni o‘tkazib yubormas edi. Uning futbol ixlosmandi ekanligi bois, 1912-yilda mahalliy “Klayd” klubi murabbiy etib tayinlaydi. Ikki mavsum davomida jamoada ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirgan mutaxassisni ko‘p o‘ymay “Reynjers” klubi “ilib ketadi”. To‘g‘ri, unga darrov murabbiylikni topshirishmagan. 1920-yilda “Reynjers” ustozi etib saylangan murabbiy 34 yil davomida jamoani boshqardi va 30 ta turli sovrinlarga ega chiqdi. U qo‘l ostida Shotlandiya klubi bir nechta xalqaro sovrinlarda g‘olib chiqdi. O‘zining 79 yoshida iste’foga chiqqan murabbiy yana 2 yil davomida o‘zining jonajon jamoasida klub sport direktori lavozimida ishladi. Uning nomini abadiylashtirish maqsadida, klub uy stadioning eng katta tribunasiga Bill Strut nomini bergan.
Leanardo Jardim
Zamonaviy futboldagi eng iqtidorli murabbiylardan biri – Leanardo Jardim ham futbolchi bo‘lmagan. Hatto havaskorlar jamoasidan ham to‘p surmaganiga ishonasizmi? O‘zining 22 yoshida maktabda jismoniy tarbiyadan dars bergan Jardim “Kamasha” klubining murabbiylar shtabida faoliyat olib borar, va parallel tarzda maktabda dars berar edi.
Oradan besh yil o‘tib, Portugaliyaning “Shevash” klubi bilan erishilgan yutuqlardan so‘ng, uni ko‘p o‘tmay “Braga” klubida ko‘rdik. Keyin “Olimpiakos” bilan qo‘lga kiritilgan chempionlikdan so‘ng, uni “Sporting” taklif etdi. 2014-yilga kelib Jardim o‘zini butun dunyoga mashhur qilgan “Monako”ni boshqarishni boshladi.
U qo‘l ostidagi jamoada Bernardu Silva, Fabinyo, Killian Mbappe, Mendi, Falkao singari futbolchilar ochilmagan qirralarini butun dunyoga Chempionlar ligasida namoyish etishdi. Qahramonimiz ushbu musobaqada kimsan Pep Gvardiolani yer tishlatgani ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa, ajab emas.
Bugungi kunda Jardim endigina 45 yoshga to‘lgan yosh mutaxassislardan biri sanaladi. Uning nimalarga qodir ekanligini dunyo futboli allaqachon tan olib bo‘lgan. Shunchaki buni amalda ko‘rsatish uchun biroz vaqt kerak,xolos.
Karlos Alberto Parreyra
JCH musobaqasida ko‘plab futbolchilar murabbiy sifatida g‘olib chiqishni uddalagan, biroq Karlos Alberto Perreyradan boshqa hech kim futbolchi bo‘lmay turib bu musobaqada g‘olib chiqmagan. Aynan braziliyalik mutaxassis futbolchi bo‘lmay turib JCHda Braziliyani chempionlikka yetaklagan birinchi va hozirga qadar so‘nggi murabbiy bo‘lib turibdi. Shuningdek, u terma jamoalar bilan 6 bor JCHda ishtirok etgan yagona murabbiy ham sanaladi.
1967-yilga qadar jismoniy tarbiyadan dars bergan Alberto Perreyra o‘zining ilk murabbiylik ishini Gana terma jamoasida boshlaydi. Qahramonimiz o‘z faoliyati davomida 25 dan ortiqdavlatlarda faoliyat olib borgani uchun, Braziliya matbuoti unga “ko‘chmanchi” laqabini bergan. Shunga qaramay, afsonaviy Pele davri yakunlangach, Braziliya deyarli 25 yil taxtga chiqa olmayotgan paytda Karlos “Selesao” tepasiga keladi va 1994-yildagi mundialda Braziliyaning g‘olib chiqishini ta’minlaydi. O‘sha musobaqada murabbiyning ulkan tajribasi bir necha bor qo‘l kelganini muxlislar yaxshi eslashsa, kerak.
Qahramonimiz ayni paytda 77 yoshni qarshilagan. 2010-yilda JAR terma jamoasi bilan JCHda ishtirok etgach, katta futboldan ketgani haqida rasman bayonot bergan. U bugungi ro‘yxatimizdagi murabbiylar ichida eng mashhuri va eng sovrindori sanaladi. Aynan u “futbolchi bo‘lmay turib, murabbiy bo‘lish mumkin emas” qabilidagi so‘zlarga chek qo‘ygan inson sanaladi.
YA.U