Xabaringiz bor, 13 iyun sanasidan boshlab futbol bo‘yicha Coca Cola Superliga bahslari davom ettiriladi. Bugun pandemiya sharoitida chempionat uchrashuvlarini o‘tkazish masalasida O‘zPFL musobaqalarida faoliyat olib boruvchi komissarlar uchun seminar tashkil etildi.
Unda uchrashuvlar davomida jamoalarning stadionga kelishidan tortib, o‘yindan oldin, o‘yin vaqtida va o‘yindan keyingi jarayonlarda barcha sanitariya normalariga rioya qilishlari, stadion, tribuna osti yo‘lakchasi, kiyim almashtirish xonalari SEOA tomonidan tavsiya etilgan dezinfeksiya ishlari olib borilishiga aynan komissarlar mas’ul ekanligi ta’kidlandi.
O‘yin kuni O‘zPFL komissarlariga SEOAdan biriktirilgan xodim birgalikda faoliyat olib borishadi. Qayd etish joiz, klublarga ham bu borada zarur tavsiyalar berilgan bo‘lib, uchrashuvga tayinlangan komissarlar klublar bilan ham doimiy aloqada bo‘lishlari lozim bo‘ladi.