Fransiyaning yettinchi raqamli klubi Italiya chempionini qanday qilib YECHLdan chiqarib yuborgani haqida fikr almashamiz.
Hakam o‘yinni buzdi
Ikki tomonga ham birdek xatoga yo‘l qo‘yish allaqachon past saviyadagi hakamlikning tashrif qog‘oziga aylangan. Bundesliganing eng nomdor hakamlaridan biri bo‘lsada, Svayger o‘yinni buzib qo‘ydi. FIFA qonun qoidalariga ko‘ra, har qanday «podkat» futbolchining sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin va bu jiddiy jazolanishi lozim. Hakam birinchi penaltida bir-amallab o‘zini oqlashi mumkin, lekin ikkinchisi-chi? Depay jarima maydonchasi ichida bo‘lsada, qo‘llari bilan tanasini himoya qilayotgan edi. To‘p esa, uning tirsagiga o‘zi kelib tegdi. Vaziyatni tenglashtirishni istagan hakam bu imkoniyatdan unumli foydalandi. Boshqa aspektlar borasida fikr bildirmasa ham bo‘ladi. Germaniyalik hakamlar o‘yinni ochiqchasiga buzib qo‘yishdi.
Ronaldu — YECHL qiroli!
To‘g‘risi, Krish qayd etayotgan rekordlarda adashib ham ketdik. Qahramonimiz kecha o‘z gollari sonini avvaliga 130, keyin 131 taga yetkazib oldi. Bundan tashqari, Ronaldu kecha «Yuventus» jamoasining rekordini yangiladi. 94 yil mobaynida birorta «Yuventus» futbolchi mavsum davomida 36 ta gol kiritishni uddalay olmagan edi. Afsuski, shunday kalibrdagi futbolchi ham «Yuventus»ga yordam bera olmadi. Krish «Lion»ga qarshi yaxshi o‘yin ko‘rsatdi deb bo‘lmaydi, uzoq masofadan kiritlgan goldan tashqari, yana 6 ta urinish bo‘ldi. Afsuski, barchasi omadsiz. Afsuski, Krishni ayovsiz vaqt o‘z domiga tortib ketayotganga o‘xshamoqda...
«Yuventus»ga tezlik yetishmadi
Kecha tunda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda nafaqat «Lion» futbolchilari, balki o‘zbekistonlik muxlislar ham «Yuventus» futbolchilari kimga uzatma amalga oshirayotganini sezib turdi. Soddaroq qilib aytganda, «Yuve»ga kecha fantazistalik qilishga qodir futbolchi yetishmadi. Kombinasiyalar ham juda omadsiz chiqdi. Italiyaning deyarli abadiy chempioni unvonini qo‘lga kiritgan klubda hujumga temp berishga qodir futbolchi topilmadi. «Lion» maydon bo‘ylab pressing ishlatdi. Bu pressingni tezlik evaziga yengib o‘tishning iloji yo‘qmidi? Agar hujumda Iguain, markazda Rabyo va Bentankur harakat qilsa va birinchi pasni De Ligt ijro etsa tezlik qayerdan bo‘lsin? Pyanich maydonni yaxshi ko‘ra oladi, biroq u hech qachon chaqqon fubolchilardan bo‘lmagan. Ikkinchi bo‘limda tushgan Dibala esa, o‘yinni erta yakunladi.
Garsiyaga tajriba qo‘l keldi
Rudi Garsiya avvalroq «Roma» klubida to‘liq ikki mavsumni o‘tkazgani tunda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda juda katta rol ijro etdi.
Sarri boshchiligidagi «Yuventus» YECHLni tark etishga loyiq o‘yin ko‘rsatdi, biroq bunday avtobus bilan «Manchester Siti»ga qarshilik ko‘rsatish mushkul. Futbolda tezlik qanchalar muhim omil ekanligini hatto bolboylarga tushunturuvchi Gvardiola Garsiyani burchakka siqib qo‘yishi kundek ravshan, biroq keling mavzuga qaytamiz. Garsiya Allegrining «Yuve»siga qarshi turli o‘yin uslublarini qo‘llab ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan. Unda Aseriya gigantiga qarshi imunitet mavjud edi. «Taqachilar» aynan o‘sha imunitetning ta’sirida harakat qilishdi va yakunda natijaga erishishdi. Garsiya klassik italyan murabbiyining qarorlarini oldindan o‘qidi va 90 daqiqa davomida Sarridan bir qadam oldinda bo‘ldi. Birgina Dinayrning zaxiraga erta olinishi himoyadagi metinlikni ta’minlagani so‘zimizga isbot bo‘la oladi.
Jamoa va Ronaldu alohida o‘yin o‘tkazdi
Achinarlisi shundaki, «Yuventus» Ronalduning atrofida jamlangan bezori «Manchester Yunayted» yoki «Real» bo‘la olmadi. Aslida, «Lion» Turinga birinchi uchrashuvdagi natijani saqlab qolish uchun kelgan edi. Depayning golidan so‘ng, juda zich himoyaga o‘tib oldi. Bunday vaziyatda «Yuventus»ning hujumiga javob beruvchi futbolchilar katta sahnaga chiqishi lozim edi. Bernardeski bo‘sh darvozaga gol kirita olmagan bo‘lsa, Iguain birorta xavfli vaziyat yarata olmadi. Ronaldu esa, deyarli butun o‘yin davomida maydon bo‘ylab sayr qildi. U kiritgan ikkita gol ham jamoaning yordamisiz to‘rga borib tushdi. Krish 6 ta zarba berdi, biroq jarima maydonchasi ichida bu ko‘rsatgich 0 ga teng. Bundan ko‘rinib turibdiki, o‘yin davomida «Yuve» Krish uchun imkoniyat yaratib bera olmadi. «Lion» ortiqcha muammosiz portugaliyalikni jarima maydonchasidan siqib chiqardi. Bu yakunda o‘z mevasini bermay qolmadi.
Sarri iste’foga loyiq!
Sarri o‘yindan oldin va keyin ham o‘zini juda yomon tutdi. Sarri agar «Yuve» rahbarlari uni ishdan olsa, «ular noprofessional ekanligi isbot topadi», deb katta ketdi. Murabbiy shu yo‘sinda o‘ziga bo‘layotgan bosimni kamaytirmoqchi bo‘lgandir, lekin tan olish lozim, u ideal mavsum o‘tkazgani yo‘q. U mavsum davomida kuchli raqiblarga qarshi birorta yorqin o‘yin namoyish eta olmadi. Ronaldu va Dibala singari ijrochilari bor bo‘lsada, zerikarli futboldan voz kechmadi.
Nima bo‘lgan taqdirda ham Aseriya chempioni kerakli darajada tajavuzkor futbol namoyish etmadi. Vaholanki, Ronaldu YECHL pley-offlaridagi darajasini namoyish etdi, lekin bu ham Sarri boshchiligidagi «Yuve»ni alamli mag‘lubiyatdan qutqarib qolmadi. Raqib uzoq muddat o‘yin amliyotiga ega bo‘lmagan bo‘lsada, «zebralar» vaziyatni o‘z tomoniga og‘dira olmadi. Shunga qaramay, barcha muammolarga Sarrini aybdor qilib ko‘rsatish noo‘rin. So‘nggi ikki mavsum davomida «keksa sinyora» YECHL pley-offlarida «Ayaks», «Lion» va «Atletiko» darvozasiga umumiy hisobda 7 ta gol kiritdi xolos. Agar raqiblar «Real», «Barselona» yoki «Liverpul» bo‘lganida bu ko‘rsatkich yanada yomonroq ko‘rinish olgan bo‘lar edi. Endi eng ajoyib statistikaga e’tibor qarating! Ushbu yettita golning barchasini Ronaldu kiritgan! Portugaliyalik futbolchi jamoani yelkasida olib yurishga intilmoqda, biroq jamoa negadir boshqacharoq fikrda. Ular o‘yinni xuddi tomoshabindek kuzatishni afzal ko‘rayotganga o‘xshaydi. Shunday ekan, Ronalduning ikkita goli Fransiyaning yettinchi raqamli jamoasini musobaqadan chiqarib yuborishga kamlik qilgani tabiiy hol.