«Hokim Kubogi»ning 1-turidan o‘rin olgan «Bunyodkor» - «Navbahor farm» (0:0) uchrashuvidan keyin «qaldirg‘ochlar» ustozi Marat Miftaxuddinovning fikrlari bilan qiziqdik.
- O‘yin teng kurashlar ostida o‘tdi, deb o‘ylayman. Har ikkala jamoada ham gol urish uchun imkoniyatlar bo‘ldi. Shunchaki, vaziyatlardan foylanilmaganligi sababli uchrashuv durang natija bilan yakunlandi. Bugun raqibning kuchiga yetarlicha baho bera olmaganimiz ko‘rindi. Durangning asosiy sabablaridan biri ham shu. Zero, futbolchilar o‘yingacha o‘zini ruhan tayyorlab olmasa, uchrashuv davomida buni bajarish mushkul. Bugun ham shunday bo‘ldi. Birinchi bo‘limni o‘zimiz xohlagandek o‘tkaza olmadik. Tanaffusdan keyin hammasi joyiga tushgandek ko‘ringandiki, ammo baribir vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmadi. Chunki aytganimdek, bahs davomida ruhiyatni o‘zgartirish oson emas. Aksincha, raqib «Bunyodkor»dek jamoaga qarshi to‘p surayotganini his qilgan holda ishtiyoq bilan to‘p surdi. Maydonning har bir qarichi uchun kurashishdi. Maydonning holati juda yomon demagan bo‘ladim. Boisi, qish mavsumi uchun tabiiy maydonlarning holati deyarli shunday bo‘ladi. Shunchaki, biz bugun o‘zimizga o‘xshamadik, buning natijasi o‘laroq g‘alaba qozona olmadik. Bugungi durangning foydala tomonlari ham bo‘lishi mumkin. Ya’ni, futbolchilar keyingi uchrashuvlarda boshqacharoq ruhiyatda maydonga chiqishadi. Raqibning kuchiga jiddiy baho beradi.