Coca Cola Superliga 8-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Surxon” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv arafasida “lochinlar”ning tajribali himoyachisi Davronbek Hoshimov bo‘lajak o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Bo‘lajak o‘yinga jiddiy tarzda tayyorgarlik ko‘rdik. O‘zingizga ma’lum, joriy mavsumda Superliga doirasidagi bahslarda hali Namangandagi o‘yinlarda g‘alaba qozona olmadik. “Surxon”ga qarshi kechadigan bahsda ushbu noxush an’anaga chek qo‘yib, zafar quchish uchun barcha imkoniyatimizni ishga solamiz.
Garchi termizliklar joriy mavsumni omadsiz tarzda o‘tkazayotgan, ayni paytda turnir jadvalining pastki pog‘onalarida borishayotgan bo‘lsa-da, jamoamizga munosib qarshilik ko‘rsatishga intilishlari tayin. Bir so‘z bilan aytganda, Superligada kuchsiz jamoa yo‘q va har bir raqibga hurmat bilan munosabatda bo‘lish lozim.
“Surxon” bilan bo‘ladigan o‘yin Ramazon hayiti arafasida o‘tkazilmoqda. Shu bois, biz bo‘lajak bahsda g‘alaba qozonib, muxlislarga bayram quvonchini ulashish, stadionga tashrif buyurgan muxlislarning uylariga xursand holda qaytishlarini ta’minlash niyatidamiz.
Umid qilamanki, arafa kuni stadionga tashrif buyuradigan ishqibozlar jamoamizni har doimgidek faol tarzda qo‘llab-quvvatlashadi hamda biz – futbolchilarga ruhiy dalda bergan holda, g‘alaba sari ruhlantirishadi. Ta’kidlaganimdek, biz ham muxlislarning ishonchlarini oqlashga harakat qilamiz", — dedi Hoshimov.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.