"PSJ" va Serxio Ramos tuzgan shartnoma shu yozda yakuniga yetadi.
Xabar berilganidek, poytaxt klubi, xususan, jamoa direktori Luish Kampush himoyachi bilan shartnomani uzaytirmoqchi. Shu bilan birga, Marca nashri xabariga ko‘ra, Saudiyaning "An-Nasr" klubi Ronaldu transferidan so‘ng Serxioni o‘z safiga qo‘shib olishni o‘ylamoqda.
Ramos Markinyos bilan birga "Lans"ga qarshi o‘yinda "PSJ" himoyasida maydonga tushdi. Poytaxt klubi o‘sha uchrashuvda 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Bunday noxush mag‘lubiyatdan so‘ng muxlislar ispaniyalik futbolchining shartnomani uzaytirishi mumkinligi haqidagi xabarga norozi kayfiyatda munosabat bildirishdi.
Muxlislar ijtimoiy tarmoqlarda o‘z his-tuyg‘ularini quyidagicha izhor qilishdi:
“Keling, Ramos bilan bu bema’ni gaplarni to‘xtataylik. U endi oyoqlarini to‘g‘ri qimirlata olmaydi. U deyarli 37 yoshda! Qachon biz yoshi katta o‘yinchilarni sotib olishni to‘xtatib, yosh futbolchilarga e’tibor qaratamiz?
“Ramos bilan shartnomaning uzaytirilishi yoshlarimiz va bizga qo‘shilishni istagan boshqa klub futbolchilari uchun yomon signal bo‘ladi. Hurmat bilan aytamanki, Ramos endi Yevropa giganti safida o‘ynaydigan darajada emas”.
“Serxio bilan shartnomani uzaytirishning keragi yo‘q! Ramos, ket va yoshlarga yo‘l och."
“Menimcha, Serxio yosh va istiqbolli futbolchilarga o‘z o‘rnini bo‘shatishi kerak. Agar u Ronalduning yangi klubi safiga borib qo‘shilsa, chiroyli yakun bo‘ladi. Ular Madridda uzoq vaqt birga o‘ynashdi, endi ularning duyeti yana birlashishi mumkin.
“Ramos faoliyatini yakunlash vaqti keldi, Yevropada u endi yuqori saviyada o‘ynay olmaydi. Uning o‘rniga "PSJ" Shkrinyar bilan shartnoma imzolashi kerak."
Xo‘sh, siz muxlislar fikriga qo‘shilasizmi? Serxio "PSJ"dan ketsa tarkibda uning o‘rnini kim egallashi mumkin?