O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Jamoliddin Rahmatullayev U17 Osiyo kubogi chorak final bosqichi doirasida bo‘lib o‘tadigan Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yin oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Saudiya Arabistoni — juda yaxshi raqib. Bu jamoa guruh bosqichining 3ta o‘yinida g‘alaba qozondi. Hali o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yubormadi. Saudiya Arabistoni — bizga begona emas. Bu jamoa bilan ikkita o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazganmiz. Ko‘proq texnikaga tayanadigan, taktik tomondan ham yaxshi futbol o‘ynaydigan jamoa. Bu raqib o‘yinlarini o‘rganyapmiz. Ularning ham o‘ziga yarasha kamchiligi bor. Xudo xohlasa, ularga qarshi maydonga chiqib, g‘alaba qozonamiz. Bu tomondan ko‘nglim to‘q.
To‘g‘ri ta’kidlab o‘tdingiz, har bir uchrashuvda ko‘p golli vaziyatlarni yuzaga keltiryapmiz. Aslida buning o‘zi ham yaxshi holat. Ammo vaziyatlardan foydalanishda oqsayapmiz. Buni bilib turibmiz. Buning ustida ishlayapmiz. Oldimizda turgan o‘yinda bu muammoni bartaraf etib, har bir vaziyatni golga aylantirishga harakat qilamiz", — dedi Rahmatullayev.