Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida “Sog‘lomlashtirish oyligi” doirasida keng ko‘lamli sport va tibbiy-profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. Asosiy maqsad, aholining sog‘lom turmush tarziga e’tiborini kuchaytirish, yurak-qon tomir kasalliklari va surunkali xastaliklarning oldini olishdan iborat bo‘lgan tadbirlar «5 ming qadam» marafoni bilan boshlandi.
Marafonda tibbiyot sohasi xodimlari, sportchilar, nuroniylar hamda yoshlar faol ishtirok etdi. Piyoda yurish marafonidan so‘ng badantarbiya mashg‘ulotlari ham o‘tkazilib, aholiga sog‘lomlashtiruvchi jismoniy mashqlar targ‘ib qilindi.
Tadbirning yana bir muhim jihati – mutaxassislar tomonidan aholi uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Fuqarolarning qon bosimi, yurak urishi, qand miqdori o‘lchandi, muammolari aniqlanganlarga zarur tavsiyalar berildi.
Bu kabi tadbirlar sog‘lom jamiyatni shakllantirish, sog‘liqni asrash madaniyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.