Joriy yil 20 mart kuni Niderlandiya termasiga qarshi o‘yinda Ispaniya milliy jamoasi libosini ilk marta kiygan «Bornmut» vakili Din Xyoysen mavsum boshida keng futbol jamoatchiligi uchun notanish yigitcha edi. Qarang-ki, u juda qisqa vaqt ichida zamonamizning eng ko‘zga ko‘ringan himoyachilaridan biriga aylandi. Buning ortidan esa, «Real» rahbariyati istiqboli baland iqtidor transferiga 58 mln. yevro ajratdi. AS nashri jurnalistlari 20 yoshli futbolchi bilan suhbat davomida u «Qirollik klubi»da nimalarni ko‘zlayotganiga qiziqishdi.
- Kechagina kamtarin «Bornmut»da to‘p surgan Din Xyoysen bugun dunyoning eng kuchli jamoalaridan birida. Xo‘sh, u ayni dam borliqdagi eng baxtiyor futbolchimi?
- Ehtimol, lekin mendan ko‘ra, otamning xursandchiligi beqiyos. Zero, uzoq yillik mehnat va mashaqqat rohatini totadigan vaqt keldi. Har holda, jahon futbolida yetakchi o‘rinlarda turuvchi Ispaniya termasi va «Real» klubi libosini kiyish har kimga ham nasib etavermaydi.
- O‘zi qachonlardir «Madrid» safida CHL va Klublar o‘rtasidagi JCH kabi nufuzli turnirlarda ishtirok etish haqida o‘ylaganmidingiz?
- Yaqin o‘tmishga qarasak, «Bornmut»da 2-3 yil o‘ynab, tajriba oshirgan holda, kelgusi rejalar sari yuzlanishni ko‘zlagandim. Qarangki, barchasi juda tez rivojlandi.
- 2022 yili atigi 470 ming yevro evaziga «Malaga»dan «Yuventus»ga o‘tgan edingiz. Oradan 3 yil o‘tib, Ispaniyaga qaytishingiz bahosi 58 million yevroga yetdi...
- «Madrid» shartnomada ko‘rsatilgan tovon pulini to‘ladi, xolos. Transferimga sarflangan mablag‘ miqdoriga zarracha aloqam yo‘q, bunga e’tibor ham qaratmayman. Muhimi - ishonchni oqlash va jamoaga naf keltirish.
- Niderlandiya termasiga qarshi o‘yindagi debyutingizdan oldin muxlislar sizni uncha bilishmasdi. Maydonga tushishdan oldin nimalarni o‘yladingiz?
- Faqat faxr-iftixor hissini tuydim. Axir professional faoliyatini endigina yo‘lga qo‘ygan futbolchi uchun vatan jamoasi safida maydonga tushishdan sharafliroq hodisot bormi? O‘sha debyut hozirga qadar erishgan yutuqlarimning eng qadrlisidir.
- Varan yoki Ramosning o‘yin uslubi nuqtai nazari bilan qarasak, Din Xyoysen qaysi sinfga mansub markaziy himoyachilar sirasiga kiradi?
- Rafael Varan shubhasiz, jahonning eng kuchli himoyachilaridan biridir. Lekin o‘zim bolaligimdan Serxio Ramos kabi o‘ynashga intilaman. Chunki unda zamonaviy futbolda talab etiladigan barcha xislatlar mujassam - yetakchilik, maqsad, shaxsiyat, xarakter... Qisqasi, futbol olamidagi eng yorqin markaziy himoyachi - bu Ramos.
- Ammo maydon bo‘ylab harakatlaringiz ko‘proq Yerroni eslatmoqda...
- Ikkimiz ham Malagadan bo‘lganimiz uchun shunday tuyular balki. Ehtimol, chindan ham, o‘yinimizda o‘xshash jihatlar bordir, to‘g‘risi, bilmadim...
- «Madrid»ga kelishdan oldin Xabi Alonso bilan telefon orqali gaplashganingiz haqida xabarlar chiqqandi. Qiziq, nimalarni muhokama qildinglar?
- Aslida Alonso qo‘ng‘irog‘igachayoq barchasi hal etilgandi. Murabbiy bilan shunchaki, kelgusi loyiha va rejalar yuzasidan biroz gaplashdik. Albatta, barchamiz buyuk muvaffaqiyat istaymiz va buni uddalashimizga ishonchimiz komil.
- «Barselona»ning «Real»ga taqdim etayotgan raqobatini nazarda tutsak, yangi mavsum yanada qiziqarli tus olishi mumkin. Bunga tayyormisiz?
- Hozircha La Ligadagi raqobat borasida to‘liq tasavvurga ega emasligim bois, ruhiyatda qandaydir bo‘shliq his qilyapman. Lekin fakt shuki, «Madrid» a’zosi sifatida umumiy muvaffaqiyat yo‘lida bor kuchimni ishga solaman.
- APLda Xoland va Isakdek kuchli hujumchilarga qarshi o‘ynadingiz. Sizning-cha, La Ligada ham shunday darajadagi ijrochilar bormi?
- Angliya va Ispaniya jamoalari usluban bir-biridan farqli futbol namoyish etadi. La Ligada erkinlik cheklangan va mohiyatan taktik-pragmatik o‘yin chizmasiga ko‘proq e’tibor qaratiladi. Shuning uchunmi, maydonda yakkama-yakka kurashlar kamroq kuzatiladi. Bu esa himoyachilar uchun qulaylik yaratadi, albatta.
- Kilian Mbappe bilan bir safda o‘ynash hayajoni qanday?
- «Real»da Mbappedan tashqari, Vinisius, Rodrigo va Bellingem kabi o‘z pozisiyasi bo‘yicha jahonning yetakchi hujumkor futbolchilari bor. Agar eng yaxshilar davrasida o‘ynashni uddalay olsam, faoliyatimda tub burilish bo‘lishi tayin.
- Otangiz Yoaxim Virs hujumchi sifatida to‘p surgan ekan. Qiziq, sizda himoyachi instikti qanday shakllangan?
- Otam aslida hujumchi bo‘lishimni istagan, ammo bu pozisiyada o‘zimni to‘liq ko‘rsata olishimga ko‘zi yetmagan. Asosiysi, hujumga qo‘shilish va raqib darvozasiga xavf solishni yaxshi ko‘raman.
- O‘ng oyoqda mukammal o‘ynaydigan futbolchilar sirasiga kirasiz. Ammo markaziy himoyada chap oyoqni ham to‘g‘ri ishlatish juda muhim...
- Ha, ko‘pchilik o‘ng oyoqda mukammal o‘ynashimni aytadi. Vaholanki, chap oyog‘im ham chakki emas. Bolaligimda hovlimizdagi maydonchada bu borada alohida shug‘ullanganman. Qisqasi, avvaliga mashg‘ulotlar, keyinchalik o‘yinlarda har ikki oyoqda birdek to‘p surishni rivojlantirganman.
- «Bornmut»da asosan 2-raqam ostida harakatlanardingiz. Ammo «Madrid»da bu raqam Karvaxalga tegishli...
- Raqam masalasi meni umuman tashvishga solmaydi. Qisqasi, «Real»dek buyuk klubda har qanday raqam ostida o‘ynashga tayyorman va bu men uchun faxr-iftixor demakdir (unga 24-raqam nasib etdi).
- Aytishlaricha, 4ta tilda mukammal gaplashar ekansiz. Odamlar bilan muloqotda ko‘proq qaysi tildan foydalanasiz?
- Aksariyat hollarda ispan tilidan. Axir ispaniyalikman...
Manba: fondoruso.ru, Xurshidbek tayyorladi