Madridning "Real" klubi markaziy himoyachisi Eder Militao uzoq vaqtdan buyon ilk bor asosiy tarkibda maydonga tushdi.
Braziliyalik futbolchi "qaymoqranglilar"ga o‘rtoqlik uchrashuvida Avstriyaning "Tirol" klubini mag‘lub etishga yordam berdi (4:0). 11-daqiqada 27 yoshli futbolchi hisobni ochgan bo‘lsa, 62-daqiqada uning o‘rniga Antonio Ryudiger o‘yinga qo‘shildi.
"Men uchun eng muhimi - maydonga qaytish. Vaqt kerak bo‘ldi, lekin endi men yana sevimli ishimdaman va murabbiy meni maydonga tushirganida bor kuchimni beraman. Mening golim? Zarba yaxshi chiqdi, ammo to‘p darvozaga kiradi deb o‘ylamagandim," - deydi himoyachi intervyuda.
Eslatib o‘tamiz, Eder Militao noyabrdan iyulgacha xochsimon bog‘lami yirtilgani sababli maydonga tushmagan edi. Futbolchining qaytishi klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida "PSJ"ga qarshi o‘yinda bo‘lib o‘tdi - o‘shanda u ikkinchi bo‘limda zaxiradan maydonga tushdi.