Marokash U-20 terma jamoasi 2025 yilgi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati yarim finalida Fransiya ustidan zafar quchib, finalga yo‘l oldi. Uchrashuv asosiy va qo‘shimcha vaqtlarda 1:1 hisobida yakunlandi, penaltilar seriyasida esa afrikalik yoshlar 5:4 hisobida g‘alaba qozonishdi.
Bu bellashuv Marokash jamoasi uchun tarixiy ahamiyat kasb etdi — Muhammad Vahbiy shogirdlari o‘yin davomida uch nafar turli darvozabondan foydalandi.
Uchrashuvni “Monako” yoshlar jamoasi posboni Yanis Benshaush asosiy tarkibda boshladi. 64-daqiqada u jarohat olgani uchun maydonni tark etib, uning o‘rnini “Marsel”ning yoshlar tarkibida to‘p suradigan Ibraim Gomis egalladi. Qo‘shimcha vaqtning oxirida, 120+5-daqiqada, penaltilar seriyasi oldidan bosh murabbiy Vahbiy “FAR Rabat” klubi a’zosi Hakim Mesbahiyni maydonga tushirdi.
Penaltilar seriyasida aynan Mesbahiyning ishonchli harakatlari Marokash g‘alabasiga hissa qo‘shdi.
Marokash – Fransiya 1:1 (penaltilarda 5:4)
Gollar: 32' – Olmeta (o‘z darvozasiga), 59' – Mishal.
Chetlatish: Nzingula (Fransiya) – 107'.
Marokash finalda Argentinaga qarshi o‘ynaydi. Hal qiluvchi bahs 20 oktyabr kuni soat 04:00 da boshlanadi.