AQSH milliy jamoasi JCH-2026 guruh bosqichida tanish raqiblarga duch keladi. Har holda, amerikaliklar yaqinda Avstraliya va Paragvay termalariga qarshi o‘ynab, har ikkisini yengishgandi. Shuningdek, UYEFA «pley-off» bosqichi «D» yo‘lining favoriti sifatida tilga olinayotgan Turkiya termasi ham o‘tgan yilning iyun oyida Mauricio Pochettino shogirdlari bilan to‘qnash kelgandi. Bunday holat raqiblarning kuchli va zaif tomonlarini yaxshiroq tushunish imkonini beradi, biroq aks ta’siri ehtimoli ham yo‘q emas. Ya’ni xotirjamlik jamoa zarariga ishlashi mumkin. AQSH termasining mundial qur’asidan eng ko‘p ilhomlangan futbolchilaridan biri – hujumchi Folarin Balogun. Har holda, 24 yoshli futbolchi o‘tgan yilning noyabr oyida Pensilvaniya shtati Chester shahrida Paragvay termasiga qarshi kechgan o‘rtoqlik o‘yinida g‘alaba goliga mualliflik qilgandi. Umuman, Balogunning «Monako»dagi holati ham juda yaxshi. Misol uchun, u yaqindagina Yevropa CHLning ketma-ket 3ta o‘yinida gol quvonchini tuygan amerikalik birinchi futbolchi bo‘ldi. Bunga qadar Angliya yoshlar termasida ham o‘ynashga ulgurgan istiqbolli hujumchi o‘zi uchun ilk JCHga katta umid bog‘lamoqda. U FIFA rasmiy saytiga bergan intervyusida turli masalalarga to‘xtaldi: mundialga bog‘liq yoshlik xotiralari, AQSH termasining hali yanada kuchayish imkoniyati, bo‘lajak global turnirdagi o‘zi uchun ideal raqiblar…
– AQSHda mehmon bo‘ladigan navbatdagi jahon chempionati qur’asi haqida nima deysiz?
– Yaqin orada biz bilan duch kelgan jamoalarga qarshi o‘ynaymiz. Bu raqiblar o‘yinini tahlil qilish ishlarini biroz yengillashtiradi, albatta. Deylik, futbolchilarda ma’lum tasavvur yo‘q emas. Deylik, Paragvay termasiga qarshi o‘ynab ko‘rgan futbolchi sifatida bu raqib tarkibida jismonan baquvvat va oxirigacha kurashadigan yigitlar borligini yaxshi bilaman. Menimcha, tanish raqiblar bilan o‘ynashimiz bizga yordam beradi, faqat bu imkoniyatdan samarali foydalanishimiz kerak. Eng katta ruhiy ustunlik shuki, Avstraliya va Paragvay termalarini mag‘lubiyatga uchratgandik. Demak, yana g‘alaba qozonishimiz mumkinligini bilamiz, agar taktikamiz, intensivligimiz va fidoyiligimiz joyida bo‘lsa, JCH guruh bosqichida muvaffaqiyatga erishamiz. Qisqasi, talab darajasida tayyorgarlik ko‘rsak, avstraliyalik va paragvayliklarni yana yenga olamiz. Hozirda cho‘chish uchun hech qanday sabab yo‘q.
– Noyabr oyida Paragvay termasiga qarshi bahsda g‘alaba golini urgandingiz. O‘sha gol siz uchun nechog‘li muhim edi?
– Ajoyib lahza. Klubimda ketma-ket muhim o‘yinlarda gol urgandim va yuqori sport formasini milliy jamoada ham ko‘rsatishim shart edi. Raqib juda kuchli bo‘lgani uchun ham o‘sha g‘alaba qadri baland. Qisqasi, Paragvay termasi bilan uchrashuvda ijobiy natijaga hissa qo‘shganimdan bag‘oyat xursandman.
– Turkiya termasining guruhga to‘rtinchi jamoa sifatida qo‘shilishi ehtimoli katta. Bu raqib qanchalik jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin?
– Shubhasiz, ajoyib milliy jamoa. Yaqinda CHLda «Galatasaroy»ga qarshi o‘ynadim va turkiyalik muxlislar yaratgan muhitdan chinakamiga hayratlandim. Turk futbolida muxlislik darajasi g‘oyat baland, bosim chidab bo‘lmaydigan holatda. Demoqchimanki, Turkiya termasi ortida o‘ta kuchli qo‘llab-quvvatlash bazasi bor. Qolaversa, jamoa chuqur kuzatuvga loyiq yuqori sifatli futbolchilarga ega.
– AQSH milliy jamoasi guruh bosqichidan o‘rin olgan 2ta o‘yinni Los-Anjelesda, yana birini Sietlda o‘tkazadi. Xo‘sh, stadionlarda qanday muhit kutmoqdasiz?
– Ishonchim komil, yana bir ajoyib tajriba bo‘ladi. Bir necha yil davomida milliy jamoada o‘ynayapman va muxlislarimiz bizni sira yolg‘izlatib qo‘ymasliklarini Amerika kubogida ko‘rdim. Masalan, Atlantada 60 ming muxlis ko‘z o‘ngida maydonga tushdik. Muxlislik chinakamiga o‘zgacha bo‘ldi. Shunday ekan, JCHda yanada ko‘proq energiya, yanada kuchliroq muhit va raqiblarga nisbatan yuqoriroq bosim kutishim mumkin. Ko‘pchilik bo‘lajak mundial barcha davrlarning eng yirik sport tadbiriga aylanishini taxmin qilmoqda. AQSHdek katta mamlakat yakdil qo‘llab-quvvatlab tursa, boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas.
– AQSH terma jamoasi o‘yini so‘nggi oylarda sezilarli darajada yaxshilandi. Buni qanday izohlaysiz?
– Menimcha, taraqqiyot uchun avvalo, bosh murabbiy Maurisio Pochettino va uning shtabiga minnatdorchilik bildirish kerak. Chunonchi, jamoada boshqacha muhit yaratildi. Hozirda hech qaysi futbolchiga tarkibda joy kafolatlanmagan. Oldin bunday emasdi. Menimcha, futbolchilarning katta zaxirasiga ega AQSH uchun shunday yondashuv juda zarur edi. Ehtimol, ilgari ba’zi yigitlar o‘zlari o‘ynaydigan liga darajasi tufayli kafolatlangan joyga ega ekanlinliklarini o‘ylab, xotirjamlikka berilishgandir… Terma jamoaga biror marta chaqirilmagan ba’zi iste’dodlar esa ruhan tushkun holatga tushib, umid uzishgandir balki. Pochettino esa butunlay yangicha falsafa bilan keldi: agar kimdir Yevropada emas, deylik, MLS kabi ligalarda yaxshi o‘ynayotgan bo‘lsa, unga ham imkoniyat beriladi, albatta. Bu asosiy futbolchilar uchun ogohlantiruvchi qo‘ng‘iroq hisoblanadi. Tabiiyki, yigitlar ushbu yondashuvga tezkor reaksiya ham bildirishyapti. Muhimi, Pochettino o‘yinga aql va taktik e’tiborni ham qo‘shdi. Menimcha, shu tariqa murabbiylar shtabi va tarkib o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar ancha yaxshilandi.
– Yaqinda Yevropa CHLda ketma-ket 3ta o‘yinda gol urdingiz. Hozirgi sport formangizdan qanchalik qoniqyapsiz?
– Muammo yo‘q, lekin hali yanada samaraliroq o‘ynay olishimni bilaman. Ishonchim komil, o‘yinlarga kuchli ta’sir ko‘rsatish salohiyatiga egaman. Mana, CHLda ilk marta muntazam ravishda asosiy tarkibda o‘ynay boshladim va ketma-ket 3ta bahsda raqiblar darvozasiga yo‘l topdim. Albatta, «Monako» g‘alabalari yo‘lida muhim gollar urish, shu asnoda jamoaning keyingi bosqichga chiqishiga hissa qo‘shishni istayman. Xullas, hozirgi holatimdan xursandman, shuning barobarida bundan ko‘prog‘ini xohlayman.
– Bolalik yillaridan JCHga taalluqli yoqimli xotiralaringiz bormi?
– Albatta. Ilk yorqin xotiralarim 2010 yili JARda o‘tkazilgan mundialga doir: Shakiraning virusga aylangan qo‘shig‘i, Lionel Messi, Krishtianu Ronaldu va boshqa yulduzlar… JCHda menga eng yoqadigan tomoni shuki, har qanday futbolchi yoki jamoa katta sahnaga chiqishi mumkin. Oddiy aytganda, siz 5-6ta gol urishga qodir yulduzlardan ham, hech kimning nazariga tushmagan autsayderlardan ham ilhom olishingiz mumkin. O‘zi futbolda «syurpriz»larni yoqtiraman — har doim shouni belgilaydigan kimdir topiladi. JCH esa kutilmagan hodisotlar maydonidir. Qisqasi, mundialda har bir kishining o‘z syujeti bo‘ladi va menga shu jihat yoqadi.
– Xo‘sh, Balogun bo‘lajak JCHda uchrashishni xohlaydigan muayyan jamoa yoki futbolchi bormi?
– Qaytaraman, sensasiyalarga o‘chman. Shu ma’noda Portugaliya, Argentina, Fransiya termalari kabi eng kuchli raqiblarga qarshi o‘ynashni istayman. Bunday uchrashuvlarda barchani hayratga solish imkoni bor. Futbolda top-jamoalarni yengish uchun hal qiluvchi lahzalar bo‘ladi va bu dunyoning senga nisbatan qarashini butkul o‘zgartiradi. Shunday ekan, umid qilamanki, turnirning keyingi bosqichlarida top-jamoalarga duch kelamiz va ularni yengish asnosida shov-shuv ko‘taramiz. Fransiya, Argentina, Portugaliya, Ispaniya termalari – bular men jamoam bilan mag‘lub etishni istaydigan raqiblar. Oddiy aytganda, butun turnirda zafar quchib, katta sensasiya ulashishdan umidvorman.
Manba: fifa.com , A.AHMEDOV tayyorladi