O‘zbekiston Superligasining 5-turidan o‘rin olgan uchrashuvda «Dinamo» Urganchda «Xorazm» mehmoni bo‘ldi. Qiziqarli va keskin kurashlarga boy o‘tgan bahsda mezbonlar 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvning ilk daqiqalaridan har ikki jamoa tashabbusni qo‘lga olishga harakat qildi. «Dinamo» asosan qanotlar orqali — Abdurahmonov va Amonov ishtirokida hujumlar uyushtirishga intildi. 10-daqiqada Hojimirzayevning uzatmasidan so‘ng Firdavs yaxshi imkoniyatga ega bo‘ldi, ammo himoyachi Abbos Otaxonov uni to‘xtatdi.
19-daqiqada Hojimirzayev deyarli yakkama-yakka holatga chiqdi, lekin darvozabon Stoshich uning zarbasini qaytardi. Oradan ko‘p o‘tmay, 23-daqiqada «Dinamo» juda xavfli vaziyat yaratdi: Anvarning zarbasini posbon bartaraf etdi, Azizbekning urinishi esa ustunga tegib, golga aylanmadi.
Mezbonlar ham javobsiz qolmadi. 24-daqiqada qarshi hujumda Ahrorov «Dinamo» darvozasiga xavf soldi, biroq hisob ochilmadi. Birinchi bo‘lim oxiriga kelib, o‘yin yanada faollashdi va 44-daqiqada hisob ochildi — Aziz Pirmuhammadovning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasini darvozabon Yagudin qaytarishda xatoga yo‘l qo‘ydi va to‘p darvozaga kirib ketdi.
Ikkinchi bo‘limda «Dinamo» tarkibiy o‘zgarishlar orqali o‘yinni kuchaytirishga harakat qildi. 60-daqiqada maydonga tushgan Xislat Xalilovning zarbasini raqib darvozaboni qaytardi. 67-daqiqada esa Amonovning kuchli zarbasi ustun yonidan o‘tdi.
Nihoyat, 72-daqiqada mehmonlar maqsadiga erishdi — zaxiradan tushgan Til Mavretich ajoyib zarba bilan hisobni tenglashtirdi. Bu gol o‘yinga yanada intriga qo‘shdi.
Biroq oradan ko‘p o‘tmay, 75-daqiqada omad mezbonlar tomonida bo‘ldi: «Xorazm» hujumida to‘p darvozabon Yagudinga tegib, darvozaga kirib ketdi va avtogol qayd etildi.
Qolgan daqiqalarda «Dinamo» hisobni tenglashtirish uchun oldinga tashlandi, hatto hujumni kuchaytirish maqsadida himoyachi o‘rniga qo‘shimcha forvard tushirildi. Ammo mezbonlar himoyasi ishonchli harakat qildi va hisob o‘zgarmadi.
Shu tariqa, «Dinamo» Urganchdagi o‘yinda 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
«Xorazm» - «Dinamo» - 2:1
Gollar: Aziz Pirmuhammadov, 44 (1:0), Til Mavretich, 72 (1:1), Ravshanbek Yagudin 75, avtogol (2:1)