«Milan» va «Chelsi» klublarining sobiq yarim himoyachisi, afsonaviy Rud Gullit Yevropa Chempionlar Ligasi chorak finalidan o‘rin olgan bahslardagi hakamlik borasida o‘z fikrlarini bildirdi.
Ma’lumki, «Real Madrid»ning «Bavariya»ga, «Barselona»ning esa «Atletiko»ga qarshi kechgan javob uchrashuvlaridan so‘ng har ikki klub vakillari hakamlik qarorlaridan norozilik bildirishgan edi. Rud Gullit mazkur vaziyatga quyidagicha munosabat bildirdi:
— Ularda shikoyat qilish uchun hech qanday sabab yo‘q. Ilgari har ikki jamoa foydasiga hakamlar tomonidan ko‘plab qarorlar qabul qilingan bo‘lsa, endilikda vaziyat ularning zarariga o‘zgardi. Bu — futbolning va hayotning bir qismi. Buni qabul qilish qiyinligini tushunaman, biroq haqiqat shunda, — dedi Gullit.
Shuningdek, mutaxassis uchrashuvlardagi bahsli vaziyatlarga, xususan, chetlatishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi:
— Eduardo Kamavingaga qizil kartochka ko‘rsatilishi biroz qattiqqo‘l qarordek ko‘rinishi mumkin, ammo uning harakati nodonlik edi. U hakamga shunday qaror chiqarishi uchun asos yaratib berdi. «Barselona» futbolchilariga ko‘rsatilgan ikkala qizil kartochka esa mutlaqo aniq va shubhasiz edi, — deya qo‘shimcha qildi sobiq futbolchi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu mag‘lubiyatlardan so‘ng Ispaniyaning har ikki grand klubi joriy mavsumdagi Yevropa Chempionlar Ligasidagi ishtirokini to‘xtatishga majbur bo‘ldi.