Superliga 9-turi doirasida o‘tkazilgan «Navbahor» — «So‘g‘diyona» (1:1) uchrashuvidan so‘ng jizzaxliklar bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
— Biz bugungi kunda O‘zbekistonning eng yaxshi jamoalaridan biriga qarshi o‘ynadik. Raqib jiddiy, o‘z oldiga katta vazifalar qo‘ygan. Jamoamiz hozir ma’lum bir “psixologik yama”ga tushib qolganini hisobga olsak, o‘yin borasida yaxshi taassurotlar qoldi. Birinchi taymda ham, ikkinchi taymda ham tartib-intizom bilan harakat qildik. Ba’zi narsalar o‘xshadi, ba’zilari o‘xshamadi, ammo ikkinchi bo‘limda gol urishga muvaffaq bo‘ldik. Hisobda oldinda borib, o‘yinni g‘alabagacha yetkaza olmaslik, alam qiladi. Shunday bo‘lsa-da, yigitlarga intizom uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman.”
— Bu birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. «Qo‘qon-1912» bilan bahsda, Samarqandda va o‘tgan o‘yinda ham jamoa, hatto ba’zida ikki to‘p farqi bilan oldinga chiqib olib, lekin yakunda kerakli hisobni ushlab qola olmayapti. Bu nima bilan bog‘liq?
— Asosiy sabab jismoniy holat. Jamoa mavsumoldi yig‘inlarda nima bilan shug‘ullanganidan xabardor emasman. Bugungi o‘yinni Qo‘qondagi bahs bilan solishtirsak, bular ham texnik, ham jismoniy jihatdan ikki xil jamoa. O‘ylaymanki, himoyadagi xatolarimiz ko‘proq ruhiyat bilan bog‘liq: qandaydir qo‘rquv paydo bo‘ladi. Biz o‘yinchilarga hakam qancha vaqt qo‘shib berishidan qat’i nazar, oxirigacha o‘ynash va hech qachon konsentrasiyani yo‘qotmaslik kerakligini doim uqtiramiz. Bugungi natija psixologik holatimiz tufayli ro‘y berdi.
— 2:0 hisobida oldinda borayotgan holda mag‘lub bo‘lish kuchli psixologik zarba ekanligini aytgan edingiz. Bu bosib berk ko‘chadan chiqishning yo‘li bormi? Axir bu holat abadiy davom eta olmaydi-ku...
— Chiqish yo‘li bitta — yigitlar o‘zlariga ishonchni his qilishlari kerak. Buning uchun esa shunchaki g‘alaba qozonish lozim. Texnik jihatdan ular yaxshi tayyorlangan, gol urishni bilishadi. Agar biz noto‘g‘ri yo‘nalishda ishlayotganimizda, har o‘yinda vaziyatlar yaratib, gol ura olmayotgan bo‘lardik. Demak, poydevor bor, ammo qayerdadir vaziyatni nazorat qilish yetishmayapti.
— Hujumchilar haqida so‘ramoqchi edim — bu hozir chempionatimizdagi umumiy tendensiya. Feysal Mulichning o‘yinini qanday baholaysiz? U «Paxtakor» va «Qizilqum»ga gol urdi. Bugun gol urish mumkin bo‘lgan vaziyatlarda ofsaydda bo‘lib qolgani bilan yodda qoldi. Shuningdek, hozirgi kunda chempionatimizda aynan markaziy hujumchilar juda kam gol urayotgani, gollarning asosiy qismi esa vingerlar va yarim himoyachilar hissasiga to‘g‘ri kelayotgani g‘alati emasmi?
— Birinchidan, gol urish qiyinlashdi. Hozir har bir jamoa va har bir himoya chizig‘i raqibni sinchkovlik bilan o‘rganadi. Hujumchilarning mahoratli va o‘z mehnati bilan natijaga erisha oladiganlari bor. Har qanday hujumkor o‘yinchi o‘yinda o‘zidan iz qoldirishi kerak, eng yaxshi iz esa — bu gol yoki jamoaning g‘alabasiga qo‘shilgan hissadir. Ko‘p narsa jismoniy holatga bog‘liq. Agar o‘yinchi jismonan tayyor bo‘lmasa, u hatto top-darajadagi futbolchi bo‘lsa ham, yetarlicha foyda keltira olmaydi. Umuman, hujumchilarning mahsuldorligiga kelsak, chempionatimiz saviyasi o‘sdi, o‘yinchilar himoyada yaxshiroq harakat qiladigan bo‘lishdi. Bu tabiiy jarayon. Rivojlanish tufayli gol urish ham ancha qiyin bo‘lib qoldi.
— Hamkasbingiz Jafar Irismetov podkastlarning birida Superliga klublariga hujumchilar uchun alohida murabbiylar yollashni taklif qildi. Irismetovning fikriga qo‘shilasizmi? Axir o‘zingiz ham o‘tmishda ajoyib to‘purar bo‘lgansiz va himoyachilar hozirgidan ancha qo‘polroq o‘ynagan paytlarda ham darvozaga yo‘l topa olgansiz. Murabbiylar shtabida bunday mutaxassis kerakmi?
— Agar reglament va klub byudjeti shtabni kengaytirishga imkon bersa, nega endi yo‘q? Bu yaxshi g‘oya. Bizda hozircha bunga o‘tkir zarurat yo‘q, hujumlarni yakunlash borasida yigitlar bilan o‘zim ko‘p ishlayapman. Lekin umuman olganda, ayniqsa katta futbolga endigina qadam qo‘yayotgan 16–17 yoshli o‘yinchilar uchun jarima maydonchasidagi o‘yinga ixtisoslashgan mutaxassisning bo‘lishi juda foydali bo‘lardi.
— Nima uchun Jaloliddinov tanaffusda almashtirildi?
— Almashtirish uning o‘yini bilan bog‘liq emas. Unda sariq kartochka bor edi, kamchilikda qolib ketmaslik uchun tavakkal qilishni istamadik.