«Liverpul» muxlislar kengashi klubning asosiy xo‘jayini Jon Genriga ochiq xat yo‘llab, chiptalar narxining keyingi uch mavsum uchun oshirilishi qaroridan so‘ng «klub rivojining kelajakdagi yo‘nalishidan chuqur xavotirda» ekanliklarini bildirishdi, deb xabar bermoqda PA.
Muxlislar kengashining inflyasiyaga bog‘langan narx o‘sishini muzlatib qo‘yish haqidagi so‘rovi rad etildi. «Fulxem»ga qarshi kechgan so‘nggi uy uchrashuvida norozilik aksiyasi o‘tkazilgach, ishqibozlar yana boshqa choralarni rejalashtirishmoqda.
«Biz chiptalar narxini uch yilga oshirish majburiyatini olgan birinchi klub bo‘lish qaroringiz borasida «Liverpul» muxlislariga quloq tutayotganingizga ishonmaymiz. Bu ushbu klub va umuman ingliz futbolining kelajakdagi yo‘nalishi borasida chuqur xavotir uyg‘otmoqda.
Muxlislar ko‘p yillik narx oshirilishiga o‘z noroziliklarini aniq bildirishdi. Bu nafaqat narxning o‘zi, balki uning nimani anglatishi bilan bog‘liq: yillik mazmunli muloqotdan voz kechish va muxlislar kayfiyati yoki moliyaviy voqelikdan qat’i nazar, narxlarni yillar oldin belgilab qo‘yadigan modelga o‘tishdir.
Bunday qarorlar, ayniqsa bir necha yilga mo‘ljallanganda, nafaqat hozirgi imkoniyatlarga, balki kelajakda kimlar o‘yinga kela olishiga ham ta’sir qiladi va shu orqali klubning qanday bo‘lishini belgilaydi. Muxlislar kelajak avlodlar: farzandlari va nabiralari avvalgidek stadionga kela olmasliklaridan xavotirda», — deyiladi ochiq xatda.
Narxlar oshishini asoslash uchun «Liverpul» o‘yin kunlaridagi xarajatlar 2016/17 yilgi mavsumdan beri 85 foizga oshganini ko‘rsatdi. Klub rahbariyati kattalar uchun mavsumiy abonementlar narxi uch yil davomida har bir o‘yin uchun 3,5 funtdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda, oddiy chiptalar esa 3 dan 4,5 funtgacha qimmatlashini ta’kidlamoqda.
Hozirda kattalar uchun chiptalar 39 funtdan 61 funtgacha sotilmoqda.