«Barselona» bosh murabbiyi Xans-Diter Flik Lamin Yamalning jarohati borasida o‘z fikrlarini bildirdi. «Barselona» va Ispaniya terma jamoasi vingeri «Selta»ga qarshi o‘yinda (1:0) sonning orqa mushaklari yirtilishi sababli mavsumning qolgan qismini o‘tkazib yuboradi.
«Bu vaziyat biz uchun ham, u uchun ham oson emas. U buni yengib o‘tishni va undan saboq chiqarishni o‘rganishi kerak. Bu uning ilk mushak jarohati, ammo u juda diqqatli va motivasiyaga to‘la. U Jahon chempionatigacha tiklanishga ulguradi va yanada kuchli bo‘lib qaytadi.
U qo‘pollikdan so‘ng noqulaylik sezdi, garchi o‘sha paytda bu jiddiy ko‘rinmagan bo‘lsa-da, u o‘yinni davom ettirishga qaror qildi. Ehtimol, keyinroq vaziyat yomonlashgandir, lekin o‘z tuyg‘ulariga quloq solish muhim. Bu uning ilk mushak jarohati va bu ham o‘rganish jarayonining bir qismidir. U tanasi berayotgan signallarni tushunishni o‘rganishi lozim. Mavsum boshida ham u bir nechta o‘yinni o‘tkazib yuborgandi va jamoa o‘shanda vaziyatdan yaxshi chiqib ketgandi», — dedi Flik.