Frenk Lempard murabbiylik uslubiga Karlo Anchelotti va Joze Mourinyu qanday ta’sir ko‘rsatgani haqida gapirdi. Lempard futbolchilik faoliyati davrida «Chelsi»da har ikki murabbiy qo‘l ostida ishlagan.
«Joze va Karlo bir medalning ikki tomoniga o‘xshaydi. Joze e’tiborli edi, o‘z ishonchini sizga o‘tkazardi, ammo ruxsat etilgan chegaradan chiqsangiz yoki noto‘g‘ri ish qilsangiz, uning kuchini his qilardingiz. Karlo esa bosiq va xotirjam edi. Orqaga qarab, “Bunday muhitda ishlash yoqimli”, deb aytish mumkin. Sizga ishonishlarini his qilardingiz.
Shuning uchun men ulardan nimanidir olishga harakat qilaman. Ehtimol, men qayerdadir o‘rtada turibman. Ba’zida Jozega, ba’zida esa Karloga o‘xshab qolaman.
Yosh murabbiylar ish boshlaganda yomon o‘yinni tanqid qilishni yoki kech qolgan futbolchi haqida nimadir aytishni o‘z burchi deb bilishlarini ko‘raman. Qancha ko‘p ishlasam, ularning barchasi, avvalo, inson ekanini shuncha ko‘proq tushunyapman.
Ba’zida futbolchi kech qoladi, ammo siz buning sababini bilmasligingiz mumkin. Shuning uchun qattiqqo‘l murabbiydek ko‘rinishga urinishdan ko‘ra, o‘zingizni Karlodek tutish yaxshiroq. Ammo biroz bo‘shashsangiz va futbolchilar maydonda o‘z vazifasini bajarmasa, ba’zida Jozega ko‘proq o‘xshab qolasiz», — dedi «Koventri» bosh murabbiyi.