"Manchester Siti"ning sobiq hujumchisi Serxio Aguero "Chelsi" yarim himoyachisi Koul Palmerning o‘yiniga yuqori baho berib, uni London klubining ayni paytdagi eng yaxshi futbolchisi deb atadi.
"Men Koul Palmer bilan birga o‘ynaganman va uni futbolchi sifatida juda yoqtiraman. Menimcha, u ajoyib futbolchi. Men "Siti"da bo‘lgan paytimda unga unchalik ko‘p imkoniyat berilmasdi, chunki jamoada yuqori darajadagi va yaxshi formadagi futbolchilar juda ko‘p edi.
"Chelsi"ga o‘tishi unga foyda berdi, chunki u doimiy o‘yin amaliyotiga muhtoj edi. Menimcha, hozir u "Chelsi"ning eng yaxshi futbolchisi. Palmer istalgan payt gol urishi yoki golli uzatma berishi va o‘yin taqdirini o‘zgartirishi mumkin", — deya Agueroning so‘zlarini Goal keltirdi.
Aguero, shuningdek, "Chelsi"ning hujum chizig‘iga baho berib, jamoa himoyasi va yarim himoyasida ishonchli tizim bo‘lishi muhimligini ta’kidladi.
"Palmer, Joau Pedru va Morgan Rodjers — yaxshi futbolchilar. Ammo hujumda juda kuchli uchlik bo‘lsa ham, yarim himoya va himoya ishonchli bo‘lmasa, hujumchilar uchta gol urishi mumkin, raqib esa to‘rtta. Natijada 3:4 hisobida yutqazasiz.
Bunday hujum uchligi barqaror o‘ynashi uchun ularning ortida ishonchli tizim bo‘lishi kerak. "Barselona", "Real" va "Siti"ning eng yaxshi yillarida aynan shunday bo‘lgan. Gol urgandan keyin jamoa ustunlikni saqlab qolishni bilishi kerak".
Joriy mavsumda Palmer 7 ta uchrashuvda 4 ta gol urdi va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Matnda xatolik topsangiz, o'sha xatoni belgilab, bizga jo'nating (Ctrl + Enter).