Braziliya terma jamoasining sobiq futbolchisi Villian 2020 yilda «Chelsi»dan «Arsenal»ga o‘tgani haqida gapirib, bu qaror xato bo‘lganini tan oldi. U London klubiga kelganidan atigi uch oy o‘tib, jamoani tark etishni istaganini aytdi.
«Men Arteta va klubdagi boshqa odamlar bilan uchrashdim. Arteta menga: «Biz mana shunday o‘ynaymiz, sen esa jamoaning asosiy futbolchilaridan biri bo‘lishingni xohlayman. Jamoani sening atrofingda quraman», dedi. Men uch yillik shartnoma imzoladim, ammo keyin hammasi rejadagidek ketmadi», — dedi Villian.
Braziliyalik futbolchining aytishicha, u yangi klubda juda tez hafsalasi pir bo‘lgan. Bunga transfer oldidan berilgan va’dalar bilan amaldagi vaziyat o‘rtasida katta farq bo‘lgani sabab bo‘lgan.
«Agar o‘zingni baxtli his qilmasang, haqiqiy darajangni ko‘rsata olmaysan. Pul baxtni sotib ololmaydi. Bu faoliyatimdagi eng yaxshi shartnoma edi, ammo men baxtli emasdim», — dedi u.
Shu bilan birga, Villian Artetaga nisbatan hech qanday yomon munosabati yo‘qligini ta’kidladi.
«U maydonda juda yaxshi murabbiy, g‘oyalari ajoyib. Ammo jamoani boshqarishda ayrim jihatlar yetishmasdi. Insoniy yondashuv — aynan shu narsa kamlik qilardi. Men doim hazillashib: «Menga orzu sotishdi, ammo u unchalik yaxshi orzu emas ekan», deyman», — dedi Villian.
«Arsenal»ga o‘tishidan oldin Villian «Chelsi» safida yetti yil to‘p surgan.
Matnda xatolik topsangiz, o'sha xatoni belgilab, bizga jo'nating (Ctrl + Enter).