Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Yurgen Klopp «Liverpul» rahbariyatiga Florian Virsni sotib olmaslikni maslahat berganini ma’lum qildi.
Nemis mutaxassisi avvalroq «Liverpul»ni boshqargan. Virs esa 2025 yil yozida Leverkuzenning «Bayer» klubidan mersisaydliklar safiga qo‘shilgan edi.
Kloppning ta’kidlashicha, u futbolchining Angliya Premyer-ligasiga moslashishi qiyin kechishini oldindan taxmin qilgan.
«Ular Virsni sotib olmoqchi ekanini eshitganimda, qo‘ng‘iroq qilib, Bundesliga bilan Premyer-liga o‘rtasida katta farq borligini aytdim. Uni transfer qilmaslikni maslahat berdim, ammo ular o‘z qarorlarida qat’iy turib, baribir Leverkuzendan sotib olishdi.
Gap Virsning yomon futbolchi ekanida emas. Ammo men uning «Bayer»dagi o‘yinlarini kuzatganimdayoq, Premyer-ligada muvaffaqiyat qozonishi qiyin bo‘lishini bilardim. Chunki Angliya chempionatidagi o‘yin shiddati butunlay boshqacha.
Ular buni tan olishmaydi, ammo hozir Virs uchun shunchalik katta mablag‘ sarflaganidan afsuslanishmoqda. Agar mening maslahatimga quloq solishganida, bunday holat yuzaga kelmasdi», — deya Kloppning so‘zlarini FullTime Report ijtimoiy tarmoqda keltirdi.
Shu tariqa, Klopp «Liverpul» rahbariyati Virs transferi borasida uning ogohlantirishiga qaramay, futbolchini sotib olishga qaror qilganini ta’kidladi.
Matnda xatolik topsangiz, o'sha xatoni belgilab, bizga jo'nating (Ctrl + Enter).