O‘zbekiston Professional futbol ligasi Superliganing 24-tur uchrashuvlarida ishtirok eta olmaydigan futbolchilar va jamoa rasmiylari ro‘yxatini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, navbatdagi turda jami 9 nafar ishtirokchi diskvalifikasiya sabab maydonga tusha olmaydi yoki jamoasi o‘yinida o‘z vazifasini bajara olmaydi.
"Navbahor" bosh murabbiyisiz qoladi
Ro‘yxatdan Namanganning "Navbahor" klubi bosh murabbiyi Timur Kapadze ham o‘rin olgan. Shu tariqa, mutaxassis 17 oktyabr kuni "Paxtakor"ga qarshi o‘tkaziladigan muhim uchrashuvda texnik hududdan jamoasini boshqara olmaydi.
Shuningdek, "Paxtakor" futbolchisi Murtazo Puraliganji ham mazkur bahsni o‘tkazib yuboradi.
"Andijon"da ikki yo‘qotish
24-tur oldidan "Andijon" klubi ham ikki nafar futbolchisining xizmatidan foydalana olmaydi. Anvarjon Nazirov va Behzodbek Tursunov "Qizilqum"ga qarshi uchrashuvda ishtirok etmaydi.
"Lokomotiv" safida esa Muhammad Habibullayev hamda Yovan Nishich navbatdagi turni o‘tkazib yuboradi.
Bundan tashqari, "Xorazm" futbolchisi Ulug‘bek Hoshimov, OKMK vakili Abubakr Rizo Turdaliyev hamda "Qizilqum" a’zosi Doston Tursunov ham diskvalifikasiya qilinganlar ro‘yxatidan joy olgan.
Superliga 24-turini o‘tkazib yuboradiganlar:
-
Anvarjon Nazirov — "Andijon"
-
Behzodbek Tursunov — "Andijon"
-
Ulug‘bek Hoshimov — "Xorazm"
-
Muhammad Habibullayev — "Lokomotiv"
-
Murtazo Puraliganji — "Paxtakor"
-
Abubakr Rizo Turdaliyev — OKMK
-
Timur Kapadze — "Navbahor"
-
Yovan Nishich — "Lokomotiv"
-
Doston Tursunov — "Qizilqum"
Eslatib o‘tamiz, Superliganing 24-tur uchrashuvlari 15–17 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
Matnda xatolik topsangiz, o'sha xatoni belgilab, bizga jo'nating (Ctrl + Enter).