Saudiya Arabistoni 2034 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati uchun rejalashtirilgan beshta yangi stadion qurilishidan voz kechishi mumkin. Bu haqda Semafor nashri xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Saudiya Arabistoni Davlat investisiya jamg‘armasi (PIF) e’tiborini uchta yangi stadion qurilishiga qaratishni rejalashtirmoqda. Agar ushbu qaror amalga oshirilsa, mamlakatda mundial o‘yinlarini qabul qilish uchun jami 10 ta stadion qoladi.
Bunday o‘zgarishlarga mamlakatdagi ayrim yirik investisiya loyihalarini moliyalashtirish hajmi qisqartirilayotgani sabab bo‘lmoqda.
Qurilishi bekor qilinishi mumkin bo‘lgan stadionlar Qirol Abdulloh iqtisodiy shahri, Qiddiya sohili, Roshn, New Murabba va NEOM hududlarida joylashgan. Ularning bir nechtasi amalga oshirilishi to‘xtatilgan yoki sekinlashtirilgan ko‘chmas mulk loyihalari bilan bog‘liq. Manbalarning ta’kidlashicha, rejalar hali o‘zgarishi mumkin.
Shu bilan birga, Dahron va Ar-Riyoz shaharlaridagi stadionlar hamda boshqa ayrim inshootlar qurilishi reja asosida davom ettiriladi.
2034 yilgi jahon chempionati uchun mo‘ljallangan stadionlardan to‘rttasi 2027 yil yanvar oyida o‘tkaziladigan Osiyo kubogi o‘yinlarini ham qabul qilishi kerak. Biroq husiylar tomonidan Saudiya Arabistoni shaharlariga uyushtirilayotgan hujumlar sabab ushbu musobaqaning rejalashtirilgan tartibda o‘tkazilishi borasida ham shubhalar kuchaygan.
Eslatib o‘tamiz, Qatar ham 2022 yilgi jahon chempionati arafasida avval rejalashtirilgan to‘rtta stadion qurilishidan voz kechgan edi.
Matnda xatolik topsangiz, o'sha xatoni belgilab, bizga jo'nating (Ctrl + Enter).