Superliga 24-turdan o‘rin olgan "Mash’al" – OKMK uchrashuvidan so‘ng OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
— O‘yin haqida fikringiz?
— Uchrashuvga keladigan bo‘lsak, hozir oson o‘yinning o‘zi yo‘q. FIFA kunlaridan keyin qisqa muddat ichida yana tez-tez o‘yinlar bo‘lmoqda. "Navbahor" bilan ko‘p kuch yo‘qotgandik, shu bois bugun rotasiyaga qo‘l urdik, to‘rt kundan yana o‘yinimiz bor, balki yana rotasiya qilarmiz. "Mash’al" ham bor kuchini ko‘rsatishga harakat qildi. Yuzaga kelgan vaziyatdan gol urib uch ochkoga ega bo‘ldik.
— Zaxiradan tushganlar haqida?
— Zaxiradan tushganlar bugun asosiy tarkibda ham o‘ynashi mumkin edi. Lekin aytib o‘tganimdek, rotasiyaga qo‘l urdik.
— Bugungi bahsda qiyinchilik bilan 1:0 hisobida g‘alabaga erishildi. Bugungi g‘alaba keyingi uchrashuvlar uchun foydali bo‘ladimi?
— Har bir bahsga jiddiy hozirlik ko‘ramiz. Bitta tarkib bilan butun mavsumni o‘tkazish qiyin. Qo‘ldan kelgancha hammaga imkon berishga harakat qilib kelyapmiz.
— Raqib jamoada so‘nggi turlarda asosan yoshlar harakat qilmoqda. Mutaxassis sifatida fikringiz qanday: "Mash’al" jamoasi hozir to‘g‘ri yo‘ldami?
— To‘g‘risi, ichkaridagi vaziyatni bilmasdan turib tashqaridan baho berishni yomon ko‘raman. Bu borada aytadigan fikrim xato bo‘lib qolishi mumkin. Faqat shuni aytishim mumkin, bugun yoshlarga imkon berilishi kelasi yilga aniq vazifa borligini ko‘rsatadi. Menimcha, "Mash’al" bu yil taqdirga tan berib, kelasi yil hozirligini ko‘ryapti. Bu borada boshqa hech narsa deya olmayman.
Matnda xatolik topsangiz, o'sha xatoni belgilab, bizga jo'nating (Ctrl + Enter).