"Roma" hujumchisi Paulo Dibalaning jarohatdan tiklanish jarayoni kutilganidan uzoqroq davom etadi. Argentinalik futbolchi yana bir necha hafta maydonga tusha olmaydi.
Rimliklar bosh murabbiyi Jan Pyero Gasperini Chempionlar ligasida "Slovan"ga qarshi uchrashuv oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Dibalaning sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi.
"Dibala tezroq safga qaytadi, deb umid qilgandim. Biroq kecha o‘tkazilgan tibbiy tekshiruv uning jarohati hali to‘liq bitmaganini ko‘rsatdi. Tiklanishi uchun yana bir necha hafta kerak bo‘ladi", — dedi Gasperini.
Italiyalik mutaxassis, shuningdek, Santyago Kastro va Doniell Malenning bir vaqtda asosiy tarkibda maydonga tushish ehtimoli haqida ham fikr bildirdi.
"Kastro va Malen o‘zlarining o‘yin xususiyatlaridan kelib chiqib, birgalikda harakat qila olishadi. Biroq ularni boshlang‘ich tarkibda tushiramanmi yoki o‘yin davomida imkoniyat beramanmi, hozircha bilmayman.
Faqat ularni birga sinab ko‘rish uchun jamoaning hujumda yaxshi ishlayotgan tizimini o‘zgartirishni istamayman. Ayni paytda boshqa yechim izlashga ehtiyoj yo‘q, ammo bunday variant ham mavjud", — dedi murabbiy.
Eslatib o‘tamiz, "Roma" va "Slovan" o‘rtasidagi Chempionlar ligasi uchrashuvi 20 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Matnda xatolik topsangiz, o'sha xatoni belgilab, bizga jo'nating (Ctrl + Enter).