Madridning "Atletiko" klubi bosh murabbiyi Diyego Simeone Ispaniya chempionligi uchun kurash va "Barselona" bilan raqobat haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Argentinalik mutaxassis La Liganing 10-turidan o‘rin olgan "Deportivo"ga qarshi uchrashuv oldidan matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
Simeonedan yakshanba kuni bo‘lib o‘tadigan "Real" va "Barselona" o‘rtasidagi "El-klasiko"ni qanday tomosha qilishi so‘raldi.
"Hozir men faqat "Deportivo"ga qarshi o‘yin haqida o‘ylayapman", — dedi murabbiy.
Shundan so‘ng jurnalistlar undan hozirgi "Barselona" bilan chempionlik uchun raqobatlashish imkoniyati haqida so‘rashdi.
"Ha, albatta. Har doim raqobatlashish mumkin. Bu shundoq ham aniq-ku. Ularning juda kuchli jamoaga ega ekani ham bu fikrni o‘zgartirmaydi", — deya javob qaytardi Simeone.
Biroq "Atletiko"ning chempionlikka asosiy da’vogarlar qatorida ko‘rilmayotgani unga qo‘shimcha motivasiya beradimi, degan savolga mutaxassis javob berishni istamadi.
"Kechirasiz, lekin men faqat "Deportivo"ga qarshi uchrashuv haqida gapirishga tayyorman", — dedi argentinalik murabbiy.
Eslatib o‘tamiz, "Atletiko" va "Deportivo" o‘rtasidagi La Liganing 10-tur uchrashuvi 24 oktyabr kuni Madriddagi "Sivitas Metropolitano" stadionida bo‘lib o‘tadi.
Bahs Toshkent vaqti bilan 25 oktyabrga o‘tar kechasi soat 00:00 da boshlanadi.
Matnda xatolik topsangiz, o'sha xatoni belgilab, bizga jo'nating (Ctrl + Enter).