Uve Zeeler (Germaniya)
— Bolaligimda akamning orqasidan soyadek ergashib yurardim, — eslaydi Uve, — uning chamodanini ko‘tarib yurar, mashg‘ulotlarini kuzatar va futbolni o‘rganishga harakat qilardim. Urish yillari edi, bir kuni onam menga botinka olib keldi va uni avaylab kiyishimni ta’kidladi. Keyingi kuni uni kiydim va uyga loyga belanib qaytib keldim. Onam: “Futbol o‘ynadingmi?” deb baqirdi, “Ha, — javob berdim, lekin oyoq yalang o‘ynadim”. O‘sha kuni botinkamni ayash uchun darvozabon bo‘lishga majbur bo‘lgandim va bu men uchun katta jasorat edi. Chunki, doimo hujumda o‘ynardim va buni onam ham bilardi.
Bu so‘zlar nemis futbolining afsonasi, o‘tgan asr o‘rtalarining eng yorqin hujumchilaridan biri Uve Zeelerning bolalik xotiralaridan bir bo‘lan ekanligini anglab yetgan bo‘lsangiz kerak.
Uning otasi ham havaskor futbol jamoasida to‘p surar va Gamburgning faxriga aylangandi. Uvening akasi Ditmar va Uve ota izidan borishdi va futbolda katta natijalarga erishishdi. Otadan erta ajralish bolalarning tez ulg‘ayishlariga olib keldi va urushdan keyingi qiyinchilik yillarida oilani boqish Uvening ham gardanida edi. U o‘n yoshidanoq mahalliy “Gamburg” klubi e’tiboriga tushdi va klub futbol maktabida muntazam shug‘ullana boshladi. U o‘sha yerda ham yashash uchun kurashishi kerakligini xis qilar va oyoq kiyimlarni moylash, maydonni tozalash kabi ishlarni bajarib pul topardi.
Uve futbolda akasidan yaxshiroq natijalarga erishdi. Hatto, yillar o‘tib Germaniya terma jamoasi murabbiyi Zepp Xerberger jamoasiga Ditmarni ilk bor taklif qilayotganda, bolalarning onasi to‘satdan:
-Janob Xerberger, yaxshisi bolalarimning kichigini sinab ko‘rsangis bo‘lardi, deb yuborgandi.
Uve 1953-1954 yillarda, ya’ni o‘zining 16-17 yoshlarida halqaro maydonda o‘zini ko‘rsatdi. Ayniqsa Belgiyada o‘tgan yoshlar turnirida Germaniya terma jamoasining 20 golidan 12 tasiga mualliflik qildi va kumush medal sohibiga aylandi. Anchagina baquvvat va yakka kurashlarda hech narsadan tap tortmaydigan hujumchi muxlislar yoqimtoyiga aylandi va “Tank”, “Buldozer” kabi laqablarga loyiq ko‘rildi. U o‘z yoo‘lidagi barcha to‘siqlarni yorib o‘tar va uning bu reydlari, albatta, kuchli zarba bilan nihoyalanardi.
Keyinchalik Uve bilan terma jamoada to‘p surgan Karl-Xayns Shnelpinger uning o‘ziga hos o‘yin uslubi haqida shunday degandi:
-Uve darvoza sari yurish qilishni boshlasa, uni hech kim to‘xtata olmasdi. U faqat va faqat darvozani ko‘rardi. Guyoki, qarshisidan chiqqan raqibga e’tibor bermasdi va osonlik bilan o‘tib ketardi. Biz himoyachilar uning uchun arvohdek edik.
Uning yana bir jamoadoshlaridan biri esa Uvega:
-Agar u orqada raqib darvozasi borligi bilsa, har qanday devorni ag‘darar edi,-deb ta’rif bergandi.
O‘sha paytlarda terma jamoada ancha yoshi o‘tgan Gelmut Ran uchun voris izlanar, ko‘pgina bahslarda nemislar eksperimental tarkibda maydonga tushishardi. Uveni sinab ko‘rgan terma jamoa murabbiyi Xerberger nihoyat jamoa uchun haqiqiy to‘purar topganidan suyunib ketadi. Lekin, Uvening bitta kamchiligi bor edi, ya’ni, chap oyoqda umuman o‘ynay olmasdi. Bu haqida eshitgan Uve murabbiyga olti oy ichida bu kamchilikni bartaraf etishga va’da beradi.
U har kuni mashg‘ulotlardan so‘ng soatlab qolib ketar va murabbiyning “agar, chap oyog‘ing ham yaxshi bo‘lganda, seni terma jamoaga olardim” degan so‘zlari doimo quloqlari ostida jaranglardi.
-Oxiri, shunchalikka bordiki, o‘ng oyog‘imda o‘ynay olamanmikin, deb xavotirlanib qolardim,-deb eslaydi Uve Zeeler.
Nihoyat, Fransiya terma jamoasi bilan o‘tgan o‘rtoqlik uchrashuvining ikkinchi bo‘limida Uve maydonga tushadi va o‘sha davrning eng yaxshi himoyachilaridan biri Rober Jonkega qarshi harakat qiladi. O‘yin 1:3 hisobida nemislarning mag‘lubiyati bilan tugallangan bo‘lsa-da, murabbiy o‘yindan keyin o‘z quvonchini yashira olmaydi:
-Biz mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsak-da, mukammal hujumchiga ega bo‘ldik. Bu bola hali uzoqqa boradi.
Ammo 18 yoshli futbolchiga katta bosimni yuklab qo‘yin mumkin emasdi. Uvening o‘sha paytlardagi o‘yini ko‘proq bolalarcha edi. Ya’ni faqat darvozani ko‘rar va bu yo‘ldagi barcha to‘siqlarin o‘zi bosib o‘tishga harakat qilardi. Taktik tarafdan hali tarbiyalanish kerak edi. Buni yaxshi tushungan murabbiy ikki yilgacha uni bezovta qilmaydi, lekin bu muddatda Uve doimo terma jamoa nazoratida bo‘ladi.
Bu muddat ichida Uve ancha ulg‘ayadi, u ancha aqlli futbol namoyish qilar, ba’zida qanotlarga o‘tardi. U endi faqat darvozaga boriladigan yo‘lni emas, maydonni ham yaxshi ko‘rardi, ammo uning har qanday vaziyatda darvoza tomon kuchli va aniq zarba bera olish qobiliyati yo‘qolmagandi. Uning gavda qismi ko‘rinishidan ancha noqulay (170 sm, 74 kg) bo‘lsa-da, u juda yengil to‘p surar, egiluvchanlik va sakrashda unga teng kelish qiyin edi. Uning akrobatik holatdagi zarbalari har qanday darvozabon uchun qiyinchilik tug‘dirardi. Mana shu ikki yil ichida yana bir laqab unga yopishib oldi-“Akrobat”
Terma jamoa va “Borussiya” (Dortmund) ning ko‘p yillik darvozaboni Gans Tilkovskiy ta’kidlashicha, Uve hatto yerda yotgan holatda ham havfli edi:
-Bir o‘yinda,-eslaydi darvozabon,- u bilan men bir vaqtda to‘p uchun sakradik va yiqildik. Men o‘rnimdan turshga ulgurmay, Uve yotgan holatda to‘pni egallab, darvozaga yo‘llashga ulgurgandi. Uvening oldida himoyachiga bilan to‘pni oshirish ham nihoyatda havfli edi, u bunday to‘plarni egallab olish bo‘yicha mutaxassis edi.
1958 yilda Shvesiyada o‘tgan jahon chempionatida Zeeler terma jamoa uchun ikki muhim golni kiritadi. Birinchisida, Argentina darvozasiga akrobatik ravishda to‘p kiritib, jamoaga g‘alaba keltirgan bo‘lsa, Shimoliy Irlandiya bilan o‘yinning so‘nggi daqiqalarida 20 metrlardan kuchli zarba berib hisobni tenglashtiradi va nemislar chorak finalga chiqishadi. Aynan o‘sha chempionat oldidan terma jamoa tarkibiga tashrif buyurgan qahramonimizni futbolchilar rosa masxara qilishgandi. Uning yanada semirib ketgani uchun unga “Baqaloq” deb yangi laqab qo‘yishganida, Uve arazlab ketib qolgandi. U bilan bog‘liq katta rejalarga ega bo‘lgan bosh murabbiy futbolchini orqaga qaytarib olib kelishga muvaffaq bo‘lgandi.
Uning yana bir o‘ziga xos xususiyati shunda ediki, u ko‘pincha hal qiluvchi gollarni urardi, katta bosim ostida yaxshiroq harakat qilardi. Yirik g‘alabalarda esa yo‘qolib qolardi va ko‘p gol urmasdi. Uning shu va yana bir nechta jihatlarini hozirgi futboldagi yulduzlardan biri Ueyn Runiga qiyoslash mumkin.
Angliyada o‘tgan 1966 yildagi jahon chempionati ham Uve bilan bog‘liq qiziq voqealar bilan yodda qolgan. Urugvay bilan chorak final bahsida ingliz hakami ko‘p holatlarda yevropaliklarga yon bosadi va uruvylik ikki futbolchini maydondan chetlatadi. Qizil kartochka olgan futbolchilardan biri Troche maydonni tark etayotib Uveni simulasiyada ayblaydi va unga tarsaki tushiradi.
Yarim finalda esa Uve o‘zining orzularidan biriga yaqin turgandi. U o‘sha paytlardagi dunyoning eng yaxshi darvozaboni Yashinga gol urishni chin dildan istardi. Ko‘p bor qulay vaziyatlarga chiqadi, ammo “Qora o‘rgimchak”ning mahorati bunga imkon bermaydi. Bu o‘yin uzoq vaqt hujumchining yodida qoldi va hatto 2000 yilda, o‘zining oltmish uch yoshida 20-asrning eng yaxshi futbolchilari sharafiga o‘tkazilgan tadbirga tashrif buyurgan Uve butun kecha faqat “Yashin zo‘r edi” degan so‘zlarni takrorlashdan charchamadi.
Meksikada o‘tgan JCH-70da u futbol tarixidagi eng mashhur gollardan birin kiritdi. To‘rt yil oldin ingliz hakami tufayli yegan tarsakisini unutmaganmi yoki boshqa sababmi, ishqilib u aynan tanasining Trochening qo‘li tekkan qismi bilan, yonog‘i bilan gol kiritadi. O‘yinnig so‘nggi daqiqasida inglizlar 2:1 hisobida oldinda edilar. Jarima maydonida darvozaga teskari holda turgan Uve kutilmaganda to‘pga yuzi bilan zarba berib, darvozadan biroz oldinga chiqib olgan ingliz darvozaboni Bonettini dog‘da qoldiradi. O‘sha uchrashuvda baribir Angliya terma jamoasi qo‘shimcha vaqtda g‘alabani o‘z tomoniga og‘dirib oladilar.
Angliya va Germaniya terma jamoalari o‘rtasidagi raqobat to‘g‘risidagi Devid Dauning o‘zining “Dushmanlarning eng yaxshilari” kitobida Uve Zeeler haqida “Germaniya terma jamoasi tarkibidagi 16 yil Zeeler uchun bekor ketmadi”, deb ham oddiy, ham falsafiy fikr bildiradi. Zeeler Lotar Matteus davrigacha JCh final bosqichida o‘tkazgan uchrashuvlar bo‘yicha rekordsmen bo‘lib turgan.
Uning to‘rtinchi va so‘nggi qatnashgan JCh 1970 yilda Meksikada o‘tkazilgani bo‘ldi. Yosh va iqtidorli Gerd Myuller bilan o‘ttiz to‘rt yoshli Uvening tandem hosil qilishi ko‘pchilik tomonidan dastlab tanqidga olingandi. Ammo, chempionatdan so‘ng o‘sha jurnalistlar boshqa savol ustida bosh qotira boshladilar-Zeeler zo‘rmi yoki Myuller? Bu ko‘p tortishiladigan masala emasdi va javob barchani qoniqtirdi-Zeelersiz Myuller bo‘lmasdi. Haqiqatdan ham, o‘sha chempionatda.aynan Uvening yordami bilan Gerd Myuller chempionatning eng yaxshi to‘purari bo‘lgandi. Uvening o‘zi ham ikkita to‘p kiritib, JCh final bosqichlarida kiritgan gollari sonini 9 taga yetkazdi.
Klub miqyosida u faqat bitta jamoada to‘p surdi. Futbolchilik faoliyatidangi yigirma yil qadrdon “Gamburg” klubida kechdi. O‘sha paytlar uchun bu katta jasorat edi, chunki nemis klublari 60-yillar o‘rtalariga qadar professional hisoblanmas edilar. Uve boshqa nemis futbolchilari kabi zavodda ishlar va futboldan deyarli moliyaviy daromad olmasdi. U faqat bir marta Germaniyadan ketishga yaqin turgandi. 1961 yilda taniqli mutaxassis Elano boshchyailigidagi “Inter” klubi unga jiddiy ravishda qiziqib qoladi va yaxshigina pul va’da qiladi. Futbolchi deyarli shartnoma imzolash bo‘sag‘asida turgan paytda terma jamoa murabbiyi, ayyor Xerberger bir tadbir qo‘llaydi. Zeeler stolining ustiga mamlakatda mashhur sport firmasining g‘arbdagi yuzi bo‘lish haqidagi shartnomani keltirib qo‘yadi. Zeelerning javobi qisqa bo‘ladi: “Men qolaman”
Keyin esa “Real”ning ham taklifini rad etdi. U o‘ynagan davr nemis futbolida “Uve davri” deb ataladigan bo‘ldi, tarixda terma jamoaning buyuk kapitani sifatida joy oldi. U yetakchilik bo‘yicha nemis futbolida o‘ziga voris bo‘lgan Bakkenbuerga sira o‘xshamasdi. “Kayzer” Fransga hamma o‘ylab muomala qilar, oldiga yaqinlashish qiyin edi. Ammo, Uve kamtarin va oddiy xarakteri bilan halqqa yaqin edi va uni “O‘zimizning Uve” deb atashardi.
. Zeeler sportchi sifatida doim namuna edi. Mashg‘ulotlarga jiddiy qarar, ichish, chekish kabi odatlardan yiroq edi. O‘z sport formasini juda tez tiklashi sirini va faoliyati davomida jarohatlardan yiroq bo‘lganini uning o‘zi shunday izohlagandi. Uvening hayrlashuv o‘yinida o‘sha davrning yorqin yulduzlari Bakkenbauer, Myuller, Bene, Eysebio, Mur, Rivera, Charlton, Benks kabi futbolchilar tashrif buyurgandilar. Jahon yulduzlari terma jamoasi “Gamburg”ni ayamadilar va 7:3 hisobida g‘alaba qozondilar. O‘shanda ham Zeeler porladi va ikki to‘p kiritishga muvaffaq bo‘ldi. ( U paytlarda bu kabi uchrashuvlar ancha jiddiy o‘tardi)
Uni hamma yaxshi ko‘rardi. Agar e’tibor bilan o‘qigan bo‘lsangiz ushbu maqolada ham buni sezish qiyin emas. “Buldozer”, “Tank”, “Baqaloq”, “Akrobat”-ancha sovuqqon va jiddiy nemislar faqatgina bir futbolchi uchun shuncha ko‘p laqablar to‘qishibdimi, demak uni juda sevishardi.Uve futbolni tark etgandan keyin ham Germaniya maydonlarida uzoq vaqt “Uve” nomi yangrab turardi. Hatto hozir ham hujumchilar har bir qulay vaziyatni yo‘qqa chiqarishganda, zarbalar noaniq ketganda, katta yoshli nemis muxlislari shiddatli Uveni yodga olishadi. U kabi akrobatik sakraydigan, har ikki oyoqda kuchli va aniq zarba bera oladigan va kurashlarga to‘ymaydigan hujumchi nemis futbolida yetishmayotganligini xis qilib, xo‘rsinib qo‘yishadi. Shunda biz ham qo‘shimcha qilamiz -“afsus, bizga ham yetishmaydi”
Qahramon ASLANOV