O‘zbekiston terma jamoasi bilan Osiyo Kubogi yarim finaligacha yetib borgan va hozircha bosh jamoamizning eng muvaffaqiyatli murabbiyi bo‘lib turgan Vadim Abramov bir yildan uzoqroq davom etgan tanaffusdan keyin futbolga qaytdi. Endilikda Abramov Farg‘onaning «Neftchi» klubini boshqaradi. Futbolga qaytgan Abramov bilan uning Farg‘onadagi birinchi «Dinamo»ga qarshi o‘yinidan keyin JFL.uz veb-sayti muxbirlari suhbatlashdi. Murabbiy bugungi terma jamoa, klubdagi faoliyati va yana ko‘p narsalar haqida fikr bildirdi.
— Nimaga uzoq vaqt futboldan chetda bo‘ldingiz?
— Avvalo futbolga qaytganimdan xursandman. Men uzoq vaqt takliflarni kutdim. O‘yladimki, futbolimizda muammo bor va meni klublar chaqirishadi deb, lekin adashgan ekanman. Futbolda hammasi yaxshi ekan va hech bir klub menga taklif bilan chiqmadi. Keyin Buxorodan taklif keldi, lekin o‘sha vaqtda oilam bilan bog‘liq muammolar sabab u yerda ishlay olmadim. Nihoyat «Neftchi» taklif bilan chiqdi va men uni qabul qildim. Bu yer men uchun begona emas, Farg‘onada avval ham ishlaganman. Shunday qilib «Neftchi»ga mavsum oxirigacha yordam berishga qaror qildim.
— Toshkent jamoalaridan taklif kutganingiz rostmi?
— «Lokomotiv»dan taklif kutganim yo‘q, lekin «Paxtakor» va «Bunyodkor»dan kutganim rost. Afsus, ular taklif bildirishmadi.
— Farg‘onalik muxlislar sizning kelishingizdan xursand bo‘lishdi. U yerda sizga aniq qanday vazifa qo‘yishdi?
— Jamoa kubokda kurashni davom ettirmoqda va bu juda yaxshi. Men hozir jamoam qandaydir sovrin uchun kurashadi deb ayta olmayman. Men afsungar emasman axir. Hali endi futbolchilar bilan tanishyapman. Ularni bilib olishim kerak. Axir har qanday taktika ham ijrochilar asosida quriladi. Afsuski, jamoada til bilan bog‘liq muammolar ham bor. Barcha yigitlar rus tilini taktikani tushunadigan darajada tushunishmaydi. Men o‘zbekchaga, ular ruschaga moslashib ketishsa, hammasi yaxshi bo‘ladi.
— «Dinamo» bilan o‘yinda «Neftchi» to‘pni yaxshi nazorat qildi, lekin shunga qaramay, imkoniyatni boy berdi. Bu o‘yinda legionerlarni ham maydonga tushirmadingiz.
— Legionerlar borasida hammasi aniq. Ular mahalliy futbolchilardan hech qanaqasiga ustun emas. Menimcha, legioner o‘zimizning futbolchilardan kuchli bo‘lmasa, ularni ushlab o‘tirishdan mantiq yo‘q. «Lokomotiv» bilan ham Chempionlar Ligasidan chiqib ketganimizdan keyin legionerlarga javob bergandik. Chunki bizda terma jamoa uchun foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa futbolchilar bor edi. Bu yerda ham shunday. «Dinamo» bilan o‘yin haqida gapirsam, ha biz to‘pni ko‘proq nazorat qildik. Chunki men har qanday jamoamda shunday uslub bilan o‘ynashni xohlayman. Raqib qarshi hujumda yaxshi o‘ynadi va bizni mag‘lub etdi. Mag‘lubiyatimizning sabablaridan biri biz nominal himoyachilarsiz o‘ynaganimiz bo‘ldi. Yarim himoyachilarni himoyada o‘ynatishga majbur bo‘ldik. Shu kuni faqat bitta himoyachi bor edi bizda. Hamza Karimov oilaviy muammosi sabab uyiga ketgan va mashg‘ulotlarga kech qo‘shildi. Men u bilan birga ishlamaganman va imkoniyatlarini yaxshi bilmayman. Shu sabab uni maydonga tushirmadim.
— «Dinamo» jamoasi bu mavsum boshida ko‘pchilikni hayratlantirdi. Keyinchalik ham klub «Bunyodkor» bilan durang o‘ynadi, «Paxtakor»ni mag‘lub etdi, «Nasaf»dan ochko oldi. Lekin kuchsizroq jamoalar bilan o‘yinda samarqandliklar mag‘lub bo‘lishmoqda. Agar ularning o‘yinini kuzatgan bo‘lsangiz, buning sababini ayta olasizmi?
— Bu jamoaning barcha o‘yinlarini ko‘rdim deya olmayman. Ularga qarshi birinchi marta to‘qnashdim va darrov qandaydir xulosa qila olmayman. Lekin siz aytayotgan holatning sababi oddiy. Klub kuchli jamoalarga qarshi alohida tayyorlanishadi va yaxshi natijaga erishadi. Daraja o‘z so‘zini aytib, xotirjam yutishi kerak bo‘lgan vaqtda esa imkoniyatni boy beradi. Bu oddiy holat.
— Terma jamoada ishlagan vaqtingiz Geynrix bilan "el-klasiko" borasida garov boylashganingiz rostmi? O‘shanda «Real»ga muxlislik qilgan Geynrix «Barselona» g‘alaba qozonganidan keyin kataloniyaliklar libosini kiygan deyishadi.
— Ha, shunaqasi bo‘lgandi. Adashmasam, o‘shanda men «Barselona» 2 yoki 3 to‘p farqi bilan yutadi degandim. Lekin ular bitta to‘p farqi bilan yutishgandi. Geynrix forma kiyishga o‘xshagan arzimagan garovda boy bergan, lekin «Barselona» bitta to‘p farqida yutganidan keyin mendan yaxshigina pul yutib olgandi.
— Keling, endi terma jamoa haqida gaplashsak. Ko‘pchilik muxlislar terma jamoaning hozirgi murabbiyi bizni Jahon Chempionatiga olib chiqishga qodir emas deb hisoblamoqda…
— Hozir murabbiylar xato ishlayapti deyishim odobdan bo‘lmaydi. Albatta murabbiyga ko‘p narsa bog‘liq. Futbolchilar murabbiylarning bergan ko‘rsatmalari asosida harakat qilishadi. Men kollektiv ichida bo‘lmaganim uchun muammo nimada ekanini ayta olmayman. Biroq terma jamoaning imkoniyati yomon emas. Hammasi ularning o‘z qo‘lida.
— Terma jamoaning Tehrondagi o‘yinlarini ko‘rgan bo‘lsangiz, o‘yin sifatini qanday baholaysiz? Bu futbolchilar sizning qo‘l ostingizda ham o‘ynagan. Terma jamoada nima uchun chaqirilgani tushunarsiz bo‘lgan futbolchilar ham bor. Lobanov, Andreev kabi futbolchilar termaga nima uchun chaqiriladi?
— Lobanov bilan ishlamaganman, lekin Andreev menda o‘ynagan. Lekin Stas 6 yil oldin ancha yosh edi. O‘sha vaqtda uning o‘yini terma jamoa darajasiga mos edi. Qanotdagi harakatlari mening talablarimga javob berardi. Eronga Toshkentda mag‘lub bo‘lgan o‘yinimizni eslasangiz, o‘shanda Andreev xato qilgandi. U fol ishlatishi kerak bo‘lgan vaziyatda raqibni o‘tkazib yuborgandi. Lekin men o‘sha vaziyatda faqat bitta futbolchini ayblay olmayman. Xatolar butun jamoaga tegishli bo‘ladi.
— Andreev sizda yarim himoyada o‘ynardi.
— Yo‘q, u nominal himoyachi sifatida maydonga tushardi. Osiyo chempionatida qiziq holat edi. Bizda himoyada Andreev, Anzur, Odil va Karpenko o‘ynagan. Ulardan qaysi biri himoyachi edi? Faqat Anzur.
— Terma jamoadagilar sizga taklif bilan chiqishdimi?
— Jin ursin, yo‘q (kuladi). Balki terma jamoa Jahon Chempionatiga chiqqanidan keyin chaqirishar.
— Siz ham, Qosimov ham saralashdagi birinchi mag‘lubiyatdan keyin ketkazilgan edingiz. Hozirgi shtabga esa to‘rta mag‘lubiyatdan keyin ham imkoniyat berilmoqda. Hozir terma jamoada murabbiyni almashtirish foyda beradimi?
— Sizni tuzatmoqchiman: Qosimovni ketkazishgani yo‘q, u o‘zi ketgan. Menimcha, murabbiy o‘zgarishidan naf yo‘q. Chunki hali imkoniyat yo‘qotilgani yo‘q. Yangi murabbiy kelsa, yangi taktika keladi, unga moslashish kerak. Murabbiy almashish lotoreyaga o‘xshaydi. Yoki yaxshi bo‘ladi yoki yomon. Masalan, meni ketkazishgani terma jamoaga hech qanaqa foyda bermadi. Bizda imkoniyat bor edi. Saralashni endi boshlagan edik. Menga qolsa, imkoniyati bor murabbiyga oxirigacha ishlashga berish kerak. Masalan koreyslar boshqacha yo‘l tutishdi. Menimcha, ular allaqachon Jahon Chempionatiga chiqdik deb o‘ylab, Mundialda qanday o‘ynash haqida o‘ylashmoqda. Murabbiyni almashtirishni rahbariyat hal qiladi. Ularning oldida uchta yo‘l bor, shu yo‘llardan birini tanlashi kerak. Biz uchun nima muhim: Jahon Chempionatiga chiqishmi, unda muvaffaqiyatli qatnashishmi yoki kelajakda futbolimizning rivojlanishimi? Shularni aniqlashtirib olishimiz kerak.
— Sizni terma jamoa Eronga yutqazganidan keyin ishdan olishgandi. O‘shanda sizga qandaydir tushuntirish berishganmi nima uchun ketganingiz haqida?
— Menimcha, rahbariyat meni biz Olimpiadaga chiqa olmaganimizdan keyin bo‘shatib bo‘lgan. Men hattoki Yaponiyani mag‘lub etganimizdan keyin ham ketishim mumkin edi. Shunchaki hammasi iste’foga olib kelayotgandi va bu mag‘lubiyat hammasini tezlashtirib yubordi. Ular shunchaki men ortiq terma jamoada ishlamasligimni, endi boshqa murabbiy kelishini aytishdi.
— Hozirgi terma jamoa hujum chizig‘i uchun biror bir futbolchini tavsiya qila olasizmi? Sergeevdan tashqari, albatta.
— Menimcha, hujumdagi muammo faqat Sergeev bilan hal bo‘lmaydi. Hujumchi ham terma jamoa qanday o‘ynasa, shunday harakat qiladi. Masalan Shaskix «Dinamo»da yaxshi o‘ynaydi, termada esa yomonroq deyishardi. Chunki klubda unga ko‘proq imkoniyat yaratib berishadi. Messi haqida ham shunday desa bo‘ladi. Lekin bu bilan O‘zbekistonda boshqa hujumchi yo‘q deya olmayman. Murabbiy ularni ko‘ra bilishi kerak. Esingizda bo‘lsa, men Olim Navkarovni termaga chaqirganimda ko‘pchilik norozi bo‘lgandi. Lekin u mashg‘ulotlarda, sinov o‘yinlarida o‘zini ko‘rsata olardi. Osiyo chempionatida esa faqat penalti ishlay olgandi. Men undagi kuchli jihatlarni ko‘ra olgandim, lekin bu har doim ham murabbiyga omad olib kelmaydi.
— Sizning davringizda terma jamoa ikkinchi bo‘limga boshqacha ruhiyat bilan tushib kelardi. Futbolchini taymlar oralig‘ida ruhlantirish uchun nima deyish kerak?
— Taymlar oralig‘ida murabbiy jamoani butunlar o‘zgartirib yubora olmaydi. Kiyinish xonasida aytilgan gaplar har doim ham foyda qilmaydi. Murabbiy birinchi bo‘limda xatolarni aniqlaydi va tanaffusda ularni ko‘rsatadi. Futbolchilar o‘sha xatolarni tuzata olishlariga ishontirishga urinib ko‘radi. Ba’zan 0:2 hisobida yengilayotgan jamoa tanaffusdan keyin 3:2 hisobida yutishi mumkin. Ko‘pchilik hayron qoladi: Murabbiy nima dedi? Yo‘q, bu har doim ham bo‘lavermaydi. Masalan biz Olimpiadaga chiqish uchun hal qiluvchi o‘yinda BAAdan 2 daqiqa ichida ikkita gol o‘tkazib yuborgan edik. Men hayotimda xech qachon bunchalik shok holatiga tushmaganman. O‘sha vaziyatda ularning murabbiyi nimadir degan deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, bu shunchaki vaziyat taqazosi.
— Ko‘pchilik xorijlik murabbiy haqida gapirmoqda. Qaysi murabbiy hozir bizning terma jamoani o‘zgartira olgan bo‘lardi?
— To‘g‘risini aytaymi? Gvardioladan boshqa hech bir murabbiy qandaydir o‘zgarish qila olmagan bo‘lardi. Xorijlik murabbiy bizning futbolimizni bilmaydi. Futbolchilarning imkoniyatini bilmaydi. Buni Xitoy misolida ko‘rish mumkin. Ular qanday murabbiylar bilan ishlamadi deysiz, lekin foydasi bo‘lmadi. 2011 yil biz guruhda qoldirib ketgan Xitoy kuchliroq edi, esingizda bo‘lsa. Lekin o‘sha mahalliy murabbiyni bo‘shatib yuborishdi. Xitoy boshqa sport turlarida barchani o‘zgartirib o‘rgangan, masalan, sport gimnastikasida Olimpiada chempioni bo‘lgan tarkib o‘zgartiriladi va ularning o‘rniga boshqalar keladi. Ular futbolni ham shunaqa deb o‘ylashdi, lekin futbol boshqacha sport.
— O‘zbekiston chempionatida boshqalardan ajralib turadigan o‘yin uslubiga ega jamoa bor deb o‘ylaysizmi?
— Lushan vaqtidagi «Bunyodkor»ning o‘yini ajralib turardi. Chunki murabbiy ular bilan yoshlar jamoasida ham ishlagan. «Nasaf»da ham o‘yin bor. Bu jamoa uzoq vaqtdan buyon bir xil tarkib bilan o‘ynab keladi. Bu esa o‘z samarasini bermoqda. Ularda futbol maktabi ham yaxshi rivojlangan. To‘g‘ri, «Nasaf» Chempionlar Ligasini yutmasligi mumkin, lekin O‘zbekiston chempionati uchun ularning darajasi javob beradi.
Ma’mur Parmonov va Xurshid Razzoqov suhbatlashdi.