O‘zbekiston Paralimpiya milliy qo‘mitasida “Junior” futbol maktabi tomonidan “Chempionlar ligasi” musobaqasi o‘tkazildi. Musobaqada yosh bolakaylar shartli ravishda “Bavariya”, “Barselona”, “Real Madrid”, “Liverpul”, “PSJ” kabi jamoalarga bo‘linib, o‘zaro bahs olib borishdi.
Musobaqa g‘oliblarini taqdirlash marosimida O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti va O‘FA birinchi vise-prezidenti Umid Ahmadjonov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakrom Isroilov hamda musobaqa homiylari va tashkilotchilari qatnashishdi.
Umid Ahmadjonov tadbirda so‘z olar ekan, ushbu bolakaylar kelajakda Yevropaning kuchli beshlik jamoalarida to‘p surib, milliy terma jamoamiz safida to‘p surishlariga hamda terma jamoamizni Jahon chempionatiga olib chiqishga o‘z hissalarini qo‘shishlariga ishonchi komil ekanini aytib o‘tdi.
Shundan so‘ng “Chempionlar ligasi” musobaqasida g‘olib chiqqan jamoa a’zolariga O‘FA tomonidan esdalik sovg‘alari va medallar topshirildi. Musobaqa g‘olibiga esa bosh sovrin – Chempionlar ligasi Kubogi taqdim qilindi.
Shuningdek, ushbu musobaqada yurtimizda mehmon bo‘lib turgan “Real Madrid” akademiyasi menejerlari ham qatnashishdi. Ular ham g‘oliblarga o‘zlarining esdalik sovg‘alarini topshirishdi.
