3-4 dekabr kunlar Toshkentda FIFA Forward dasturi bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda Afg‘oniston, Iroq, Qirg‘iziston, Falastin, Saudiya Arabistoni, Suriya, Tojikiston, Turkmaniston, BAA, Yaman va O‘zbekiston futbol assosiasiyalari vakillari qatnashdi.
Seminar davomida FIFA Forward dasturi bo‘yicha istiqbolli rejalar muhokama qilinib, qatnashchilar bu borada o‘zaro fikr almashishdi. Shuningdek, FIFA tashkilotining turli departamentlaridan tashrif buyurgan mutaxassislar o‘z ma’ruzalari bilan qatnashishdi. Jumladan, Osiyo va Okeaniya milliy assosiasiyalari direktori Sanjivan S Balasingam, Osiyo va Okeaniya milliy assosiasiyalari loyihalari bo‘yicha koordinator Elia De Santis, G‘arbiy va Markaziy Osiyo hududiy assosiasiyalarini rivojlantirish menejeri Essam Al-Suhibaniy, G‘arbiy va Markaziy Osiyo hududiy assosiasiyalari koordinatori Andrey Vashkevich FIFA Forward dasturidan unumli foydalanish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berishdi.
Shuningdek, Islandiya futbol federasiyasi prezidenti Geyr Torsteynsson mamlakatda futbol rivoji uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Bundan tashqari, seminar davomida milliy futbol assosiasiyalarning 2019-2022 yillarga mo‘ljallangan rivojlanish dasturi ham muhokama qilindi.