Meksika terma jamoasi bosh murabbiyi Xavyer Agirre Jahon chempionati—2026’ning ochilish uchrashuvi doirasida JARga qarshi kechadigan bahs oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etdi va o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Meksika terma jamoasi o‘z tarixida hech qachon Jahon chempionatlarining start (ochilish) uchrashuvlarida g‘alaba qozona olmagan.
«To‘g‘risi, bu statistikadan xabarim yo‘q edi, biroq biz ushbu noxush an’anani buzishimiz shart. Bu bugun maydonga tushib, g‘alaba qozonishimiz uchun yana bir qo‘shimcha motivasiya bo‘ladi», — deya murabbiyning so‘zlarini keltirmoqda Sopitas nashri.
Tajribali mutaxassis o‘z uyida o‘tayotgan mundialdagi bosim va hissiyotlar haqida ham to‘xtalib o‘tdi:
«Mana 22 oydirki, men bir gapni takrorlab kelyapman: futboldagi 50 yillik faoliyatim davomida o‘z uyimda o‘tayotgan Jahon chempionatidagidek kuchli hissiyot va hayajonni tuymaganman. Futbolchilarga butun xalq biz bilan birga ekanini singdira olishimiz kerak».
Mezbonlik maqomi tufayli yuzaga keladigan katta bosimga qaramay, Agirre shogirdlarini xotirjamlikka chaqirdi.
«Telbalarcha yo‘l tutib, aqldan ozish kerak emas. Uchrashuv 90 daqiqa davom etadi. Albatta, g‘alaba qozonish juda muhim, ammo ruhiy va emosional muvozanatni saqlab qolish undan ham ahamiyatliroq. Biz har qanday vaziyatga tayyor bo‘lgan 26 nafar futbolchini tanlab olganmiz», — dedi Meksika ustozi.
Shuningdek, Xavyer Agirre raqib haqida gapirar ekan, JAR terma jamoasini oson raqib deb hisoblaydiganlarni tanqid qildi va so‘nggi yillarda Afrika futbolida juda katta o‘sish kuzatilayotganini alohida e’tirof etdi.
Eslatib o‘tamiz, JCH-2026’ning ochilish bahsi hisoblangan Meksika — JAR uchrashuvi bugun, 11 iyun kuni (Toshkent vaqti bilan 12 iyunga o‘tar kechasi soat 00:00 da) boshlanadi.