30 mart kuni Superliga 2-turi doirasida Toshkentning “Lokomotiv” klubi Namanganning “Navbahor” jamoasini o‘z maydonida qabul qiladi.
Mazkur klublar O‘zbekiston chempionatlarining Superliga (oliy liga) bahslarida o‘zaro 30 marta kuch sinashishgan. Mazkur o‘yinlarning 17 tasida “temiryo‘lchilar” zafar quchishgan bo‘lsa, 8 ta uchrashuvda “lochinlar” g‘alaba qozonishgan. Yana 5 ta o‘yinda esa jamoalar durangga imzo chekishgan.
To‘plar nisbatidagi ko‘rsatkich – 54-39, “Lokomotiv” foydasiga.
Ushbu klublarning o‘zaro o‘yinlaridagi eng yirik hisob 2016 yili qayd etilgan bo‘lib, unda “temiryo‘lchilar” o‘z maydonlarida 5:0 hisobida zafar quchishgan.
“Lochinlar”ning “Lokomotiv” ustidan qozongan eng yirik hisobdagi g‘alabasi 2007 yili Namanganda qayd etilgan bo‘lib, unda “Navbahor” 6:2 hisobida zafar quchgandi.
O‘zaro bahslarda toshkentliklar 56, namanganliklar esa 29 ochkoni qo‘lga kiritishgan.
“Lokomotiv” – “Navbahor” jamoalari o‘rtasida shu kungacha Toshkentda o‘tkazilgan 15 ta uchrashuvning 12 tasida “temiryo‘lchilar” zafar quchishgan, 2 ta o‘yinda durang natija qayd etilgan hamda 1 ta bahsda “lochinlar” g‘alaba qozonishgan.
"Lochinlar" poytaxtdagi yagona g‘alabasini 2010 yilgi mavsumda qo‘lga kiritib, “Lokomotiv” ustidan 3:1 hisobida zafar quchgandi va o‘shandan buyon Toshkentda g‘alaba qozonolmayapti.