Madridning «Atletiko» klubi hujumchisi Antuan Grizmann klub muxlislariga vidolashuv so‘zlari bilan yuzlandi va o‘z vaqtida «Barselona»ga o‘tgani uchun ulardan kechirim so‘radi. Ilgariroq 35 yoshli futbolchi joriy mavsum yakunlanganidan keyin «Atletiko»ni tark etishi va faoliyatini MLSning «Orlando Siti» klubida davom ettirishi ma’lum bo‘lgan edi.
«Birinchi navbatda, shu yerda qolganingiz uchun rahmat. Bu men uchun juda katta ahamiyatga ega. Bilaman, muxlislarning bir qismi meni haligacha kechirmagan, ammo ulardan yana bir bor uzr so‘ramoqchiman. O‘shanda meni bu yerda qanchalik qadrlashlarini tushunmagan ekanman. Yosh edim, xatoga yo‘l qo‘ydim, keyin esa qarorimni o‘zgartirdim va orqaga qayta olish hamda bu tuyg‘ularni qayta his qilish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishlarni qildik.
2014 yildan buyon birga to‘p surgan barcha jamoadoshlarimga minnatdorchilik bildiraman. Sizlar bilan birga g‘alaba va mag‘lubiyatlarni, mashg‘ulotu o‘yinlarni baham ko‘rish juda muhim edi. Fizioterapevtlar va ekipirovka ustalariga rahmat — ular doim birinchi bo‘lib kelishadi va eng oxirida ketishadi. Murabbiylar shtabiga va alohida tarzda Diyego Pablo Simeonega rahmat — aynan u hamma narsani o‘zgartirib yubordi. Sizlar tufayli ushbu stadionda haqiqiy ehtiros bor. Sizlar sababli men Jahon chempioni bo‘ldim va o‘zimni eng yaxshilardan biri sifatida his qildim. Sizlardan juda ko‘p qarzdorman. Sizlar uchun o‘ynash men uchun sharaf edi.
Qiyin daqiqalarda meni qo‘llab-quvvatlagani, sabr qilgani va mag‘lubiyatlarni men bilan birga boshdan kechirgani uchun rafiqamga rahmat aytaman. Seni yaxshi ko‘raman. Otamga rahmat — u men professional jamoaga kira olishim uchun 13 yoshligimda butun Fransiya bo‘ylab meni mashinada olib yurgan. Bir tomonga 4-6 soatlab yo‘l yurardik. Otam tufayli men shu yerdaman va futboldan zavq olmoqdaman.
Men jamoa bilan Ispaniya chempionligini yoki Chempionlar ligasini yuta olmadim, ammo bugungi g‘alaba men uchun alohida ahamiyatga ega. Sizlarning mehr-muhabbatingizni butun umrga qalbimda saqlayman. Va nihoyat, farzandlaringizni bu yerga olib kelib, ularga dunyoning eng yaxshi klubi — «Atletiko» qanday bo‘lishini ko‘rsatganingiz uchun rahmat», — deya Grizmannning so‘zlarini keltirmoqda AS nashri.
Grizmann Madrid klubi sharafini 2014 yildan 2019 yilgacha himoya qilgan, shundan so‘ng «Barselona»ga o‘tgan va 2021 yilda yana ortga qaytgan edi. «Atletiko» tarkibida fransiyalik forvard Yevropa ligasi g‘olibi, UYEFA Superkubogi va Ispaniya Superkubogi sohibiga aylangan.