Joriy yil 10-12 aprel kunlari Tailandning Chang Mayi shahrida Jiu-jitsu bo‘yicha talabalar o‘rtasida Jahon kubogi bahslari bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro Jiu-jitsu federasiyasi (IJJF) hamda Xalqaro universitet sport federasiyasi (FISU) tashabbusi bilan tashkil etilgan sport bayramida dunyoning 20ga yaqin davlati sportchi talabalari ishtirok etdi.
Quvonarlisi, O‘zbekiston Jiu-jitsu federasiyasi mazkur nufuzli musobaqada ilk bora qatnashgan bo‘lishiga qaramay eng yaxshi natijaga erishdi.
Ne Waza, Fighting, Duo system yo‘nalishlarida bo‘lib o‘tgan murosasiz bahslar yakunida Umid Nabiyev, Feruz Usmonov, Nozimjon Odilov, Kamoliddin Anorqulov, Azizbek Tohirov, Umid Rahimovlar terma jamoamiz hisobiga 6 ta oltin medalni qo‘shib qo‘ydi. Shuningdek, yana 4ta kumush va 5ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan vakillarimiz umumjamoa hisobida faxrli 2-o‘rindan joy oldi.
Mezbonlar 1-o‘rinni, qozog‘istonlik jiu-jitsuchilar esa 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Sportchilarimiz 16 aprel kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida kutib olinadi.