9 may sanasidan e’tiboran O‘zbekiston kubogining guruh bosqichi uchrashuvlari start oldi. Ayni vaqtda 1/8 final yo‘llanmasi uchun 32 klub kurash olib bormoqda. Ular orasida Birinchi liganing uch a’zosi ham bor.
Liga hamda Markaz o‘rtasidagi shartnomaga ko‘ra, O‘zbekiston kubogining guruh bosqichi o‘yinlari davomida VAR texnikasidan foydalanilmaydi. Shuningdek, guruhlardagi so‘nggi tur o‘yinlari bir vaqtda start olishini ta’minlashda maydonida yoritgichlar mavjud bo‘lmagan yoki yoritgichlari talabga javob bermaydigan klublar holati hisobga olinadi.
Shundan kelib chiqqan holda, Liga musobaqaning guruh bosqichi doirasidagi stadionlarga katta talab qo‘ymaydi. Qur’a natijasidan kelib chiqqan holda Superliga klubi Birinchi liga jamoasi maydoniga safar qilgan taqdirda ham mavjud sharoitga moslashishi talab etiladi. Aynan shu jihatni inobatga olib, «Mash’al» futbol klubiga Muborakdagi stadiondan foydalanish, «Qarshi» markaziy stadioni musobaqalarga to‘liq shay holatda bo‘lmaganidan kelib chiqib, «Nasaf» klubiga «Geolog» stadionidan foydalanish kabi masalalarga Liga tomonidan ruxsat etiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston kubogi reglamentining 4.5-bandiga ko‘ra, Liga maydoni uchrashuvlarni o‘tkazishga tayyor bo‘lmagan futbol klublariga neytral maydondan foydalanish yoki raqib maydonida to‘p surish imkoniyatini taqdim etishi mumkin. Klub mazkur masalani tartibga solishda Ligani reglament asosida o‘z vaqtida xabardor qilishi lozim.
Ma’lumki, Superliga yoki Proliga musobaqasi o‘tkaziladigan stadionlarga Liga tomonidan qat’iy talablar qo‘yilgan. Biroq O‘zbekiston kubogining guruh bosqichi uchrashuvlarini o‘tkazish talablari nisbatan yengilroq ekani bilan ajralib turadi.
Kubokning 1/8 final bosqichidan e’tiboran har bir uchrashuvda VAR texnikasi xizmatidan foydalaniladi. Shundan kelib chiqib, aynan shu bosqichdan e’tiboran stadionlar bo‘yicha talab o‘zgaradi. Ya’ni, VAR texnikasi faoliyat olib borishi uchun sharoit mavjud bo‘lmagan stadionlar qabul qilinmaydi.
Liga mazkur yo‘nalishdagi talablar qanday ishlab chiqilgani va bunda nimalarga e’tibor qaratilgani yuzasidan har mavsum tushuntirish beradi. Bu borada OAV yoki futbol jamoatchiligida qo‘shimcha savollar yuzaga kelsa, Liga ularga batafsil javob qaytarishga tayyor ekanligini ma’lum qilamiz. Klublar tomonidan uchrashuvlarni qaysi manzilda o‘tkazishi yuzasidan qabul qilingan qarorlar uchun esa bevosita shu klubning o‘zi javobgar ekanligini eslatib o‘tamiz.